«Ishlash hamma joyda qiyin». Turkiya elchisi O‘zbekistondagi turk firmalari haqida

Бугун 15:352 дақиқа

Elchi Ufuk Ulutash VAQT.UZ bilan suhbatda O‘zbekistondagi Turkiya korxonalari loyihalarni belgilangan muddatdan ham tezroq topshira olishini aytdi.

«Ishlash hamma joyda qiyin». Turkiya elchisi O‘zbekistondagi turk firmalari haqida

O‘zbekistondagi turk firmalari ma’lum ma’noda kadrlar yetishtiradigan tizimga aylanib ulgurgan. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ufuk Ulutash kecha, 16-mart kuni VAQT.UZ bilan suhbatda so‘z ochdi.

«Men O‘zbekiston davlatining turk ishbilarmonlariga nisbatan katta e’tibori va qiziqishi borligini ko‘ryapman. Chunki turk xalqi bu yerda sezilarli qo‘shimcha qiymat yaratmoqda: ular nafaqat ta’lim beradi, balki ichki bozorda faol ishlaydi, ko‘plab o‘zbek fuqarolarini ish bilan ta’minlaydi», – dedi elchi.

Ufuk Ulutash O‘zbekistondagi Turkiya korxonalari loyihalarni belgilangan muddatdan ham tezroq topshira olishini, ancha moslashuvchan ishlashini va fikrlari o‘zaro uyg‘unlashganini alohida qayd etdi.

«Shu sababli O‘zbekiston davlatining turk xalqiga jiddiy e’tibor qaratayotgani tabiiydek ko‘rinadi. Bu e’tiborni bir turtki, bir imkoniyat sifatida qabul qilgan turk tadbirkorlari esa O‘zbekistonda juda katta faollik ko‘rsatmoqda», – dedi Ufuk Ulutash.

«Ish oson bo‘lgan joyning o‘zi yo‘q»

Elchi turkiyalik tadbirkorlar uchun O‘zbekistonda ishlash qiyinchiliklari haqidagi savolga ham javob berdi.

«Ishlash hamma joyda qiyin. Ish oson bo‘lgan joyning o‘zi yo‘q. Nisbatan aytadigan bo‘lsam, turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganlaridan mamnunlar. Bu esa mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini ko‘rsatadi. Eng muhimi, turk tadbirkorlari O‘zbekistonni o‘z vatanidan ayro ko‘rmaydi, uni qalbining bir parchasi deb biladi. Ular O‘zbekistonda chin ko‘ngildan mehnat qilishadi va Yangi O‘zbekistonning bir bo‘lagi bo‘lishdan mamnun bo‘lishadi. Aytganimdek, har qanday ish oson emas. Lekin agar inson o‘z loyihasiga chin dildan ishonsa, unga qalban yaqinlik his qilsa, eng qiyin ish ham osonlashadi», – dedi elchi.

O‘zbekistondagi Turkiya bizneslari

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-fevral holatiga O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi 18 513 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 4 282 tasi qo‘shma korxonalar, 14 231 tasi esa to‘liq xorijiy kompaniyalardir. Bular orasidan 502 tasi Turkiya bilan qo‘shma korxona bo‘lsa, 2 149 tasi Turkiya korxonasidir.

O‘tgan yili O‘zbekiston va Turkiya orasidagi o‘zaro savdo hajmi 3 milliard dollardan oshdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 100 ga yaqin aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Теглар

Мавзуга оид