Logo

«Issiqlik gumbazi» ostidagi Yevropa: Jazirama sabab o‘lim holatlari odatiy holatga aylanmoqda

Бугун 20:304 дақиқа

«Copernicus» tahlillariga ko‘ra, mintaqa o‘rtacha global ko‘rsatkichlarga nisbatan ikki barobar tezroq isiyapti.

«Issiqlik gumbazi» ostidagi Yevropa: Jazirama sabab o‘lim holatlari odatiy holatga aylanmoqda

Joriy yilning yozida Yevropada havo harorati yangi rekord darajalarni qayd etdi. Mavsum boshidagi jazirama butun qit’a bo‘ylab kasalliklar, o‘lim holatlari ko‘payishiga va infratuzilmaning izdan chiqishiga olib keldi.

28-iyun kuni Germaniya, Chexiya va Polshada harorat 40 darajaga ko‘tarilgach, transport tizimi falaj bo‘lib qoldi. Fransiyada esa o‘rtacha 29,8 daraja, ayrim shaharlarda hatto 44 darajalik jazirama kunlar o‘rnini kuchli bo‘ronlar egalladi va oqibatda qariyb ming kishi halok bo‘ldi.

«World Weather Attribution» (WWA) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina o‘tgan yilgi jaziramaning o‘zi Yevropaning 12 ta davlatida iqlim bilan bog‘liq 2 300 ga yaqin o‘lim holatiga sabab bo‘lgan.

WWA o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday kuchli jaziramaning kuzatilish ehtimoli 2003 yilga qaraganda o‘nlab, hatto yuzlab marta yuqori. 50 yil avval esa bunday jaziramani tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori, doktor Xans Klyugening ogohlantirishicha: «Jazirama sababli o‘lim holatlari Yevropaning isib borayotgan iqlimida doimiy xususiyatga aylanib qolishi mumkin».

Uning «Al Jazeera» telekanaliga ma’lum qilishicha, 1990 yillardan buyon o‘lim ko‘rsatkichlari har million aholiga o‘rtacha 52 taga oshgan va bu salbiy tendensiyaning ortga chekinish ehtimoli sezilmayapti.

Bu odatiy holatga aylanadimi?

WWA ma’lumotlariga ko‘ra, 1976 yilning iyun oyidagi jazirama hozirgidan taxminan 3,5 darajaga, hatto 2003 yilda ham 2 darajaga salqinroq bo‘lgan.

«Buni marraga ancha yaqinlashtirilgan start chizig‘idan boshlanayotgan poygadek tasavvur qiling», — deydi Reding universiteti doktori Akshay Deoras «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida.

Uning ta’kidlashicha, bunga asosan global isish sabab bo‘lmoqda. Yevropa komissiyasining iqlim o‘zgarishlarini kuzatish bo‘yicha «Copernicus» xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 1980 yillardan beri Yevropa o‘rtacha global ko‘rsatkichlariga nisbatan ikki baravar tezroq isimoqda.

Deorasning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vaziyat qachonlardir kamdan-kam kuzatilgan ekstremal holatlarning tez-tez takrorlanishiga zamin yaratmoqda. WWA yaratgan modellar esa bundan-da xavotirli xulosalarni taqdim etyapti: agar atrof-muhitga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori shu darajada saqlanib qolsa, bu yilgidek kuchli jaziramalar har yigirma yilda takrorlanishi mumkin. Bugungi g‘ayritabiiy issiq esa asr o‘rtalariga borib odatiy yoz fasli qanday bo‘lishi haqidagi kichik bir manzara, xolos.

Yevropada bu holat nega aynan hozir yuz bermoqda?

Buning bevosita sababi – jaziramani ma’lum bir hududda kunlar yoki haftalar davomida ushlab turuvchi barqaror yuqori bosim tizimi, ya’ni «issiqlik gumbazi»dir.

Deorasning ta’kidlashicha, issiqlik gumbazlari tabiat uchun yangilik emas. Biroq Yevropadagi iqlim me’yorlari allaqachon o‘zgarib ketgani sababli, aynan shu tabiiy hodisa endi o‘nlab yillar oldingiga nisbatan ancha kuchli va halokatli jaziramani keltirib chiqarmoqda.

Reding universiteti professori Xanna Kloukning izohlashicha, «hozirgi yangi va ekstremal ob-havo sharoitlarini keltirib chiqarayotgan global isish aslida o‘nlab yillar avval havoga chiqarilgan zararli gazlarning natijasidir. Iqlim tizimi bunday o‘zgarishlarga darhol reaksiya qilmaydi, shu bois ham o‘tmishdagi ifloslanishlarning jabrini biz endi tortyapmiz».

«Copernicus» xizmatining 2025 yilgi Yevropa iqlimi holati to‘g‘risidagi hisoboti ham buni tasdiqlaydi: o‘tgan yili qit’aning 95 foizdan ortiq hududida yillik o‘rtacha harorat me’yordan yuqori bo‘lgan. Shuningdek, Alp tog‘laridagi muzliklarning erishi bo‘yicha yangi rekord hamda Yevropa dengizlarida shu paytgacha kuzatilgan eng yuqori harorat qayd etilgan.

Yevropa sayyoramizning boshqa qismlariga nisbatan qariyb ikki baravar tezroq isiyotgani sababli, mintaqa va global o‘rtacha ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi tafovut yanada kengayib borishi kutilmoqda. Bu esa, kelasi o‘n yilliklarda dunyo qanday iqlim sharoitiga yuz tutmasin, Yevropa uni birinchilar qatorida va yanada og‘irroq shaklda boshidan o‘tkazishini anglatadi.

Professor Kloukning ta’kidlashicha, Yevropaning yirik daryolarini suv bilan ta’minlaydigan Alp muzliklari allaqachon qayta tiklanmaydigan darajada erib ketgan va ularning yozgi daryo oqimlariga qo‘shadigan hissasi keskin kamaygan.

Biroq vaziyat hali butunlay boy berilmagan. «Atmosferaga chiqarilishining oldi olingan har bir tonna chiqindi kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan hodisalar ehtimolini o‘zgartiradi», – deydi Klouk.

Shu boisdan ham, hozirgi xatti-harakatlar kelajakda shunchaki yashash qiyin bo‘lgan yoz fasli bilan insoniyat toqat qila olmaydigan darajadagi chidab bo‘lmas jazirama o‘rtasidagi farqni belgilab beradi.

Insoniy yo‘qotishlar ko‘lami kengayishi mumkin

«The Lancet Countdown Europe» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina 2024 yilning o‘zida mintaqa bo‘ylab 62 000 kishi jazirama sababli vafot etgan. Prognozlarga ko‘ra, agar tezkor choralar ko‘rilmasa, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich keskin oshib ketadi.

Doktor Klyugening «Al Jazeera» telekanaliga ma’lum qilishicha, muammoning asosiy qismi arxitekturaga borib taqaladi va bu masala hamon e’tibordan chetda qolmoqda.

«Mintaqadagi uy-joy fondining katta qismi sovuqroq iqlimga mo‘ljallangan. Ya’ni, binolar issiqni tashqariga chiqarib yuborishga emas, balki uni ichkarida saqlab qolishga moslashgan», – dedi u.

Mutaxassisning ogohlantirishicha, agar keng ko‘lamli qayta ta’mirlash ishlari olib borilmasa, erta ogohlantirish tizimlari qanchalik mukammal ishlamasin, 2050 yildan keyin ham jazirama sababli o‘lim ko‘rsatkichlari o‘sishda davom etaveradi.

Doktor Deorasning fikricha, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirish juda muhim: bu chora iqlim tizimining «tabiiy bir qismi» bo‘lgan jazirama to‘lqinlarini butunlay yo‘q qilmaydi, ammo ularning «kuchini pasaytirishga, tez-tez takrorlanmasligiga va qisqaroq davom etishiga» yordam beradi.

«Al Jazeera» bilan suhbatlashgan mutaxassislarning hech biri hozirgi vaziyatni umidsiz deb baholamagan. Biroq ular muammoni hal qilish uchun vaqt va imkoniyatlar torayib borayotganidan ogohlantirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид