Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar ajratadi
Mablag‘ xususiy biznesni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va energiyani tejashga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarJahon banki O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar miqdoridagi moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda Jahon banki 25-noyabr kuni e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
Mablag‘ xususiy biznes, ijtimoiy himoya, energetika, qishloq xo‘jaligi va savdoni rivojlantirishga ajratiladi.
Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur doirasidagi chora-tadbirlar natijasida 2029–2031-yillarda mamlakatda qo‘shimcha 275 mingta sifatli ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Dastur xotin-qizlar, fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi.Xususan, ijtimoiy sug‘urta qamrovi kengayib, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini olish imkoniyati ko‘proq fuqarolarga beriladi.
Bundan tashqari, ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish choralari kuchaytiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlaydigan xodimlarning kasbiy malakasi ham oshiriladi.
Xususiy biznes va internet
Davlat korxonalarini isloh qilish va xususiy kompaniyalar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish rejalashtirilgan. Bu tadbirkorlarga investitsiya jalb qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish imkonini beradi.
Internetdan foydalanish imkoniyati ham kengayadi. 2028-yilgacha yana 500 ming kishi keng polosali internetga ulanishi rejalashtirilgan. Ularning 250 ming nafari xotin-qizlar bo‘ladi. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni xorijga xavfsiz uzatish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi.
Energetika va qishloq xo‘jaligi
Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorida xususiy kompaniyalar uchun ko‘proq imkoniyat yaratiladi. Xususan, elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlashda xususiy operatorlarning ishtiroki kengayadi.
2028-yilgacha elektr energiyasi iste’molchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaradigan tarmoqlar orqali xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Fermer va chorvadorlar uchun qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi ham kengayadi. Bu ularni qurg‘oqchilik, suv toshqini va boshqa tabiiy ofatlar oqibatidagi zararlardan himoya qilishga yordam beradi. 2028-yilgacha fermer va chorvadorlarning 35 foizini sug‘urta bilan qamrab olish mo‘ljallangan.
Savdo va ekologik toza iqtisodiyot
Tashqi savdoda hujjatlarni rasmiylashtirish va chegaradan o‘tish jarayonlari soddalashadi. Korxonalar bojxona ishlarini «yagona darcha» tizimi orqali bajarishi mumkin bo‘ladi. Bu xalqaro savdo xarajatlarini kamaytirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga yordam berishi kutilmoqda.
Binolarda energiyani tejash talablari ham yangilanadi. Korxonalar atrof-muhitni kamroq ifloslantiradigan va energiyani tejaydigan texnologiyalarga sarmoya kiritishi uchun imtiyozlar beriladi.
2028-yilgacha energiya samaradorligi loyihalariga 10 mln dollar xususiy investitsiya jalb qilish va taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 3 000 MVt gacha yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish 2029-yil 29-iyungacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy yordam sifatini yaxshilash uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagandi. Mablag‘ 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani yangilash, tibbiyot xodimlarini o‘qitish va surunkali kasalliklarni erta aniqlashga sarflanadi.





