Logo

Jaziramada elektrsiz qolgan aholi, tekshirilayotgan 14 ta metro bekati va soliqdan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan hovlilar — 17-iyul dayjesti

Кеча 23:103 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Jaziramada elektrsiz qolgan aholi, tekshirilayotgan 14 ta metro bekati va soliqdan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan hovlilar — 17-iyul dayjesti

Eng orasta xonadonlarga soliq imtiyozi beriladi

O‘zbekistonda mahallalarda obodonlashtirish ishlarini rag‘batlantirish maqsadida yangi tizim joriy etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» e’lon qilinib, har bir hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari tashkil etilishi belgilandi. Bu jarayonni muvofiqlashtirish uchun respublika va hududiy shtablar tuziladi. Davlat rahbari tashabbus faqat bir oylik aksiya emas, balki yil davomida davom etadigan umummilliy harakatga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Yil yakunida «Eng orasta xonadon», «Eng fayzli hovli», «Eng obod ko‘cha» va «Eng namunali mahalla» tanlovlari o‘tkaziladi. G‘olib deb topilgan ko‘p qavatli uylardagi xonadon egalariga mol-mulk solig‘i, hovli-joy egalariga esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Shuningdek, namunaviy ishlagan mahalla «yettiligi» a’zolari ham rag‘batlantiriladi. Yig‘ilishda hokimlarga magistral avtomobil yo‘llari va temiryo‘llar atrofidagi uy-joy hamda tijorat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni qisqa muddatda namunaviy holatga keltirish bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqish vazifasi ham yuklatildi.

XVJ O‘zbekistonning valuta kursi rejimini «suzuvchi» rejimga o‘tkazdi

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonning amaldagi valuta kursi rejimini «crawl-like»dan «floating» («suzuvchi») toifasiga qayta tasnifladi. Jamg‘arma bu qarorni 2025 yil aprelidan boshlab so‘m almashuv kursining yanada moslashuvchan bo‘lgani bilan izohladi. XVJ hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti ijobiy baholanib, iqtisodiy o‘sish, inflatsiyaning pasayishi, budjet va tashqi hisob-kitoblar ko‘rsatkichlari hamda xalqaro zaxiralar barqarorligi qayd etilgan.

XVJga ko‘ra, valuta kursining erkinroq shakllanishi iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligini oshiradi, xalqaro zaxiralarni saqlashga va valuta xatarlarini boshqarish vositalari rivojlanishiga xizmat qiladi. Jamg‘arma 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sishi, inflatsiya esa 2027 yil oxirigacha Markaziy bankning 5 foizlik maqsadiga yaqinlashishini prognoz qilgan.

Toshkentda 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 16-iyul kuni soat 14:30 holatiga Toshkent shahri va viloyatining ayrim elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarida texnik nosozliklar yuzaga keldi. Anomal issiq va tarmoqlarga tushgan yuqori yuklama oqibatida Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Zangiota tumanlaridagi 8 250 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotisiz qolgan.

Vazirlik ma’lum qilishicha, avariya brigadalari nosozliklarni bartaraf etish va elektr ta’minotini tiklash ishlarini olib bormoqda. Elektrdagi rejali va favqulodda uzilishlar haqida tuman elektr ta’minoti korxonalari hamda mahalliy hokimliklarning Telegram guruhlari orqali tezkor ma’lumot berib borilmoqda.

Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘lidagi 14 ta bekat qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi

Toshkent metropoliteni 17–19-iyul kunlari Yer usti halqa yo‘lidagi 14 ta bekatning konstruktiv va texnik holati qo‘shimcha tekshirilishini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishda poyezdlar harakati vaqtincha soat 06:00 dan 22:30 gacha amalga oshiriladi.

Metropolitenga ko‘ra, profilaktik tekshiruvlar infratuzilmaning ishonchli ishlashini ta’minlash va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan. Bu qaror «Turon» metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi qulab, ikki yo‘lovchi yengil jarohatlanganidan bir kun o‘tib qabul qilindi.

Теглар

Мавзуга оид