Kafe va restoranlarda bir kunlik rasmiy ishga qabul qilish joriy etiladi

Бугун 16:441 дақиқа

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan boshlab kafe, restoran va umumiy ovqatlanish sohasida xodimlarni qisqa muddatga — hatto bir kunlik yoki bir haftalik asosda ham rasman ishga qabul qilish imkoni yaratiladi.

Kafe va restoranlarda bir kunlik rasmiy ishga qabul qilish joriy etiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Prezidentning «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, umumiy ovqatlanish xizmatlari sohasidagi tadbirkorlar ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtira oladi.

Qisqa muddatli ishga maosh to‘lash tartibi

Yangi tizim orqali xodimni ishga qabul qilish va unga ish haqi to‘lash jarayoni shu kunning o‘zida amalga oshiriladi. Bu ayniqsa kunlik yoki qisqa muddatli ishchilardan foydalanadigan kafe, restoran, turizm va mehmonxona biznesi uchun qulaylik yaratadi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ma’lum qilishicha, mazkur tartib sohadagi real mehnat munosabatlariga moslashtirilgan. Uning aytishicha, ko‘plab umumiy ovqatlanish va turizm obyektlarida xodimlar qisqa muddatga jalb qilinishi sababli amaldagi qoidalar tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.

Bu masala 21-aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasi tadbirkorlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ham ko‘tarilgan. Tadbirkorlar amaldagi mehnat qonunchiligi sohaning o‘ziga xos xususiyatlariga to‘liq mos kelmayotganini bildirgan.

Avval amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, davlat tashkilotlari va xususiy biznes uchun ishga qabul qilish hamda ishdan bo‘shatish qoidalari bir xil edi. Yangi o‘zgarishlar esa mehnat bozoridagi mavsumiy va qisqa muddatli ish shakllarini qonuniy tartibga solishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид