Logo

Karta, omonat va pul o‘tkazmalari: soliq nazoratida nimalar o‘zgarishi mumkin?

Бугун 18:554 дақиқа

Hukumat banklar va Soliq qo‘mitasi o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvining yangi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Loyiha qabul qilinsa, banklar yirik pul o‘tkazmalari, omonatlar, hisobvaraqlar va ayrim operatsiyalar haqida soliq organlariga avtomatik ma’lumot yuboradi.

Karta, omonat va pul o‘tkazmalari: soliq nazoratida nimalar o‘zgarishi mumkin?

O‘zbekistonda banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga taqdim etishning yangi tartibi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyiha Prezidentning naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Hujjatning asosiy maqsadi banklar va soliq organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish, axborotlarni avtomatik tarzda uzatish hamda soliq nazoratini kuchaytirishdan iborat. Xo‘sh, taklif etilayotgan loyihada qanday yangiliklar bor?

Banklar va Soliq qo‘mitasi o‘rtasida yangi modul yaratiladi

Loyihaga ko‘ra, «Bank-soliq» nomli maxsus axborot almashish moduli yaratiladi.

Mazkur tizim orqali banklar mijozlarning hisobvaraqlari, omonatlari va ular bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga markazlashgan holda avtomatik uzatadi.

Barcha yuborilgan va qabul qilingan ma’lumotlar tizimda qayd etiladi.

Bundan tashqari, banklar har qanday yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor va boshqa mijozlarning:

  • hisobvaraqlari ochilgani;

  •  hisobvaraqlari yopilgani;

  • omonatlari ochilgani;

  • omonatlari yopilgani;

  • rekvizitlari o‘zgargani haqidagi ma’lumotlarni uch kun ichida Soliq qo‘mitasiga yuborishi kerak bo‘ladi.

Ushbu tartib Qo‘mitaning banklarga yuborgan so‘rovlari uchun ham amal qiladi.

Amalda bu soliq organlari qaysi shaxs yoki kompaniyaning qaysi bankda hisobvarag‘i yoki omonati mavjudligini tezkor ravishda aniqlay olishini anglatadi.

Katta miqdordagi pul o‘tkazmalari haqida soliq organlari xabardor qilinadi

Loyihadagi eng muhokamali normalardan biri jismoniy shaxslarning bank kartalariga tushadigan mablag‘larga taalluqli.

Unga ko‘ra, agar bir kalendar oy davomida fuqaroning bank kartasiga boshqa jismoniy shaxslarning kartalari yoki elektron hamyonlaridan tushgan mablag‘larning umumiy summasi BHMning 500 baravariga teng yoki undan oshsa, bank bu haqda Soliq qo‘mitasiga ma’lumot yuboradi.

1-iyuldan kuchga kiradigan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mni tashkil qilsa, kelgusida Soliq qo‘mitasi qiymati 220 million so‘mdan yuqori pul o‘tkazmalarini nazorat qilishi mumkin.

Biroq hujjatda bir nechta muhim istisnolar ham belgilangan, xususan:

  •  yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari hisobga olinmaydi;

  • fuqaroning o‘z kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari ham nazorat obyekti hisoblanmaydi.

Xorijiy internet xizmatlariga to‘lovlar ham kuzatiladi

Loyihada yana bir yangi norma nazarda tutilgan.

Banklar O‘zbekiston hududida realizatsiya joyi deb e’tirof etiladigan elektron xizmatlarni ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalarga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar to‘g‘risida Soliq qo‘mitasiga ma’lumot berib boradi.

Bunda:

  •  kompaniya nomi;

  •  tranzaksiya raqami;

  • to‘lov sanasi;

  • to‘lov summasi;

  • valuta turi;

  • davlat nomi;

  • xalqaro to‘lov tizimi haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.

Shu bilan birga, hujjatda bu ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlar ko‘rsatilmagan holda yuborilishi alohida qayd etilgan.

Naqd pul va terminal tushumlari ham nazorat qilinadi

Banklar Soliq qo‘mitasiga quyidagi ma’lumotlarni ham muntazam yuborib turadi:

  • mijoz hisobvaraqlariga naqd pul tushumlari;

  • terminal orqali qabul qilingan mablag‘lar;

  • maxsus hisobvaraqlardagi qoldiq va aylanmalar;

  • yirik operatsiyalar haqidagi ma’lumotlar.

Bu esa soliq organlariga pul oqimlarini avvalgidan ancha kengroq ko‘lamda kuzatish imkonini beradi.

Qaysi operatsiyalar «yirik» deb hisoblanadi?

Loyihada yirik operatsiyalar uchun alohida mezonlar ham belgilangan.

Banklar Soliq qo‘mitasiga:

  •  yuridik shaxslar tomonidan BHMning 1000 baravari (440 million so‘m)dan oshgan operatsiyalar;

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan BHMning 500 baravari (220 million so‘m)dan oshgan operatsiyalar;

  • mijozlar tomonidan BHMning 500 baravari (220 million so‘m)dan oshgan naqd pul yechib olish holatlari haqida ma’lumot taqdim etadi.

Bunda budjetga to‘lovlar, ayrim valuta operatsiyalari va qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa operatsiyalar istisno qilinadi.

Bank siri haqidagi qonun bekor qilinadimi?

Hujjatda banklardan olinadigan barcha ma’lumotlar soliq siri hisoblanishi belgilangan.

Unga ko‘ra, ma’lumotlardan faqat soliq maqsadlarida foydalanish mumkin va ularni oshkor qilish taqiqlanadi. Shuningdek, uchinchi shaxslar manfaatlari yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ma’lumotlarning xavfsizligi uchun Soliq qo‘mitasi javobgar bo‘ladi.

Shu sababli loyiha bank sirini bekor qilmaydi. Biroq soliq organlarining bank ma’lumotlariga kirish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi va mavjud vakolatlarni avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirishni nazarda tutadi.

Мавзуга оид