Logo

Korzinka bosh direktori lavozimiga Pedro Martinyu tayinlandi

Polshaning «Eurocash Group»  kompaniyasida 20 yildan ortiq ishlagan mutaxassis endi Korzinka chakana savdo tarmog‘ini boshqaradi.

Korzinka bosh direktori lavozimiga Pedro Martinyu tayinlandi © Karzinka.uz

Korzinka (Anglesey Food MCHJ) ning boshqaruv organlari tomonidan o‘tkazilgan xalqaro qidiruv yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yangi bosh direktori etib Pedro Martinyu tayinlandi. U Toshkentga ko‘chib kelgan va 2-sentabrdan ishga kirishgan.

Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi rahbar oziq-ovqat chakana savdosi sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega. U Polsha, Portugaliya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ozarboyjondagi yirik chakana savdo kompaniyalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Pedro Martinyu kim?

Pedro Martinyu 2003-yilda Polshaning «Eurocash Group» kompaniyasi boshqaruv kengashiga qo‘shilgan. U kompaniyada 20 yildan ortiq vaqt davomida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Martinyuning Eurocash’dagi so‘nggi lavozimi Polshaning oziq-ovqat mahsulotlarini onlayn sotishga ixtisoslashgan «Frisco.pl» kompaniyasi bosh direktori edi.

Korzinka kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimovning aytishicha, Martinyu iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda chakana savdo kompaniyalarini rivojlantirish va biznesini kengaytirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Uning fikricha, ushbu tajriba Korzinka rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Korzinka’ning avvalgi rahbari kim edi?

Kompaniyaning avvalgi bosh direktori Rud Pedersen 2025-yilning sentabrida oilaviy sabablarga ko‘ra lavozimini tark etgan. Shundan so‘ng kompaniya bosh direktori vazifasini vaqtincha uning birinchi o‘rinbosari Akmal Asadov bajarib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov kompaniya nega Xorazm va Qoraqalpog‘istonda filial ochmagani haqida aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид