Lavrov Kreml va Toshkent munosabatlariga baho berdi
Oldinroq Markaziy Osiyoda «geosiyosiy kurash» kuchaygani, mintaqa kim bilan do‘stlashishni Moskvadan so‘ramay qo‘yganidan xavotir bildirgan Rossiya diplomatik idorasi rahbari Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining faoliyatiga to‘xtaldi.
© Ijtimoiy tarmoqlarMoskva va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.
«Ishonchim komilki, Rossiya va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari bundan keyin ham davlatlarimiz rahbarlari erishgan keng ko‘lamli kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi, Markaziy Osiyo va umuman Yevrosiyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashadi. Tashqi ishlar vazirliklarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yuqori qadrlayman», — dedi vazir.
Bundan tashqari, Rossiya diplomatik idorasi rahbari Toshkent va Moskva har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik hamkorligi ruhida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirayotgani, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda muvofiqlashtirishni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
«Shu yillar davomida O‘zbekiston davlat qurilishi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishdi. Ko‘p jihatdan O‘zbekiston diplomatiyasining yuqori darajadagi professionalligi tufayli bugungi kunda respublika xalqaro hamjamiyatda munosib obro‘-e’tiborga ega», — deya ta’kidladi Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lavrov Markaziy Osiyo kim bilan do‘stlashishni Moskvadan so‘ramay qo‘yganidan xavotir bildirgandi. U Markaziy Osiyoda «geosiyosiy kurash» kuchayganini urg‘ulagandi.





