Lazer qurilmalarini noqonuniy ishlab chiqarganlik uchun jarimalar belgilandi

Кеча 15:152 дақиқа

O‘zbekistonda portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun jarimalar 6 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha miqdorda bo‘ladi.

Lazer qurilmalarini noqonuniy ishlab chiqarganlik uchun jarimalar belgilandi © freepik.com

O‘zbekistonda portativ lazerli nur tarqatgichlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekistondan olib chiqish uchun javobgarlik belgilandi. Bu 17-aprel kuni qabul qilingan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunda belgilandi.

Jarimalar miqdori

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, portativ lazerli nur tarqatgichlardan qonunga xilof ravishda foydalanish aniqlanganda, huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha (6 mln 180 ming so‘mdan 10 mln 300 ming so‘mgacha) jarima solinadi.

Portativ lazerli nur tarqatgichlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekistondan olib chiqish aniqlanganda esa huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda (6 mln 180 ming so‘mdan 12 mln 360 ming so‘mgacha) jarima solinadi.

Portativ lazerli nur tarqatgichlarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki O‘zbekistonga olib kirishda ham huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda (10 mln 300 ming so‘mdan 20 mln 600 ming so‘mgacha) jarima solinadi.

Shuningdek, ushbu mazkur qonun bilan mahalla huquq-tartibot maskanlari hamda tayanch punktlarining tarkibi, ularda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bu o‘zi qanday qurilma va uni ishlatish nega cheklanmoqda?

Portativ lazerli nur tarqatgichlar ixcham, batareya yoki akkumulator yordamida ishlaydigan, ingichka va yuqori konsentratsiyali yorug‘lik nurini hosil qiluvchi qurilmalardir. Ular bugungi kunda ta’lim, qurilish, media va ilmiy tadqiqotlarda keng qo‘llaniladi.

Biroq lazer nuri bilan ishlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish zarur, chunki noto‘g‘ri foydalanish sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Hatto past quvvatli lazer ham ko‘z to‘rpardasiga jiddiy shikast yetkazishi mumkin.

Samolyotlarning uchishi yoki qo‘nishi paytida ularning ekipajiga lazer nurlari yo‘naltirilishi qo‘nish yoki parvoz jarayonida ekipaj diqqatini chalg‘itib, halokat xavfini oshiradi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga lazer nurlari yo‘naltirilishi natijasida ko‘zning vaqtincha ko‘rmay qolishi, bu esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olishda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, xorijiy davlatlarda ham lazer qurilmalardan  foydalanishni cheklovchi qonunlar qabul qilingan.

Теглар

Мавзуга оид

Lazer qurilmalarini noqonuniy ishlab chiqarganlik uchun jarimalar belgilandi | Vaqt.uz