LEX.UZdagi «ko‘rinmas» hujjatlar: hukumatning har ikki qaroridan biri jamoatchilikdan yashirin
2026-yilning dastlabki choragida Vazirlar Mahkamasi qarorlarining 56 foizi Lex.uz’da e’lon qilinmagan. VAQT.UZ hukumatning ochiqlanmagan hujjatlari bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilib, ekspertlar fikrlarini jamladi.

So‘nggi oylarda hokimliklar va hukumat qarorlari kesimida yopiq hujjatlar soni ortib bormoqda. Avvalroq, VAQT.UZ 2021–2025-yillarda hududlar bo‘yicha qabul qilingan yashirin hokim qarorlarini tahlil qilgan edi.
Endi esa Lex.uz ma’lumotlari asosida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil yanvar – aprel oylarida qabul qilgan qarorlari ketma-ketligini o‘rgandi.
Tahlillar hukumat hujjatlarining rasmiy raqamlanishi bilan ularning amalda e’lon qilinishi o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligini ko‘rsatmoqda.
«Ko‘rinmas» qarorlar statistikasi: raqamlar nima deydi?
2026-yil boshidan aprel oyi yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasi qarorlarining tartib raqami 1 dan 218 gacha yetgan. Ammo bu raqamlar ostidagi barcha hujjatlar ham jamoatchilik uchun ochiqlanmagan.
Tahlillarga ko‘ra, hukumat tomonidan band qilingan 218 ta qarordan atigi 96 tasi yoki 44 foizi ommaga e’lon qilingan. Qolgan 122 ta hujjat — jami qarorlarning 56 foizi esa ochiq manbada mavjud emas.
Natijada, 2026-yil boshidan buyon qabul qilingan hukumatning har ikki qaroridan biri jamoatchilikdan yashirin qolmoqda. Tabiiyki, bu holat ijro hokimiyati faoliyati shaffofligi va davlat qarorlarining ochiqligi masalasida jiddiy savollarni tug‘diradi.
Oylar kesimida tahlil qilinganda ham milliy qonunchilik manbasi — Lex.uz’da e’lon qilinmagan qarorlar ulushi ortib borayotganini ko‘rish mumkin.
Davr (2026-yil) | Umumiy raqamlar diapazoni | E’lon qilingan hujjatlar soni | “Qolib ketgan” (yopiq) sonlar | Yopiqlik ulushi |
Yanvar | 1 — 40 | 20 ta | 20 ta | 50% |
Fevral | 41 — 85 | 25 ta | 20 ta | 44,4% |
Mart | 86 — 135 | 18 ta | 32 ta | 64% |
Aprel | 136 — 218 | 33 ta | 50 ta | 60,2% |
Jami | 1 — 218 | 96 ta | 122 ta | 56% |
Manba: Jadval Lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi
Yanvar. Yilning birinchi oyida Vazirlar Mahkamasi qarorlari raqami 1 dan 40 gacha yetgan. Ammo ularning faqat 20 tasi, ya’ni 50 foizi Lex.uz’da e’lon qilingan. Qolgan 20 ta qaror ochiq manbalarda mavjud emas.
E’tiborlisi, ro‘yxat 1-sonli qarordan emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2-sonli hujjatdan boshlangan. 1, 7, 9, 10 hamda 12–22-sonli qarorlar qatoridagi jami 20 ta raqam ochiq manbalarda uchramaydi.
Fevral. Fevral oyida qarorlar raqami 41 dan 85 gacha davom etgan. Shu davrda 25 ta hujjat e’lon qilingan. Ochiqlik darajasi 54 foizni tashkil etganiga qaramay, 20 ta qaror hanuz ochiqlanmagan. Ular orasida 41–43, 46, 50 va 52-sonli qarorlar ham bor.
Mart. Mart oyida vaziyat yanada yomonlashgan. 86 dan 135 gacha bo‘lgan 50 ta qarordan atigi 18 tasi, ya’ni 36 foizi e’lon qilingan. Boshqacha aytganda, har uchta qarorning ikkitasi jamoatchilikka taqdim etilmagan.
Jami 32 ta hujjat, jumladan 86, 87, 89, 95–99 va boshqa qarorlar bazada mavjud emas.
Aprel. Aprel oyida qarorlar soni 218 taga yetgan. Biroq qarorlar soni ortishi bilan yashirin hujjatlar miqdori ham rekord darajaga chiqqan. 136-raqamdan boshlangan 83 ta yangi qarorning faqat 33 tasi yoki 40 foizi ochiqlangan. Qolgan 50 ta qaror bo‘yicha esa hech qanday ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot uchun, VAQT.UZ’da 2026-yilning dastlabki 4 oyida Lex.uz’da e’lon qilingan va ochiqlanmagan qarorlar ro‘yxati mavjud.
Rasmiy izoh: «Hujjat bizga kelib tushsa, e’lon qilamiz»
2026-yil 6-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi qoshidagi «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimov Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz’da nima sababdan barcha qarorlar joylanmayotgani masalasida VAQT.UZ’ga izoh berdi.
«Huquqiy axborotni yetkazish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat organlari qabul qilgan qarorlarning ochiqligini ta’minlash majburiyati yuklatilgan. Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlar qaysi rasmiy manbalarda e’lon qilinishi qonunda aniq belgilangan. Lex.uz — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi ana shunday rasmiy manbalardan biri hisoblanadi», — dedi u.
Karimovning ta’kidlashicha, hujjatlar faqat bitta platformada emas, bir nechta rasmiy manbalarda e’lon qilinadi.
«Davlat organlari qabul qilgan hujjatni bir kun ichida bizga yuborishi shart. Adliya vazirligi tizimiga kelib tushgan hujjatlar esa bir kun ichida e’lon qilinadi. Bizga kelgan barcha hujjatlarni o‘z vaqtida joylashtiramiz», — dedi «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari.
Shuningdek, vazirlik mulozimi ayrim hujjatlar nega Lex.uz’da ko‘rinmayotganiga ham izoh berdi.
«Ayrim hollarda hujjatlar bizga yuborilmagan bo‘lishi mumkin. Bunga sabab — ularning maxfiy tusga ega bo‘lishi yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» toifasiga kirishi. Shu bois ular ochiq e’lon qilinmaydi», — dedi u.
Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: nahotki qabul qilinayotgan hukumat qarorlarining yarmidan ko‘pi maxfiy bo‘lishi mumkin?
Mutasaddining ta’kidlashicha, Lex.uz’ga faqat qonunchilik milliy bazasiga yuborilgan hujjatlargina joylashtiriladi.
«Bu savol bo‘yicha aynan qaysi hujjat nima sababdan e’lon qilinmagani haqida ma’lumot bizda yo‘q. Chunki bu savol hujjatni qabul qilgan organga berilishi kerak. Agar hujjatlar bizga kelib tushganida, biz ularni tizimga joylashtirgan bo‘lardik. Demak, bu hujjatlar bizga yuborilmagan yoki boshqa rasmiy manbalarda e’lon qilingan bo‘lishi mumkin», — dedi Alisher Karimov.
Shuningdek, u hukumat qarorlari boshqa manbalarda ham chop etilishi mumkinligini eslatdi.
«Masalan, ular gazetalarda yoki Vazirlar Mahkamasining oylik qarorlar to‘plamida e’lon qilingan bo‘lishi ehtimoli bor», — deya «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimov xulosa qildi.
Hukumat qarorlari qayerda e’lon qilinishi kerak?
Amaldagi tartibga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarining rasmiy matni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Qonunchilikka muvofiq, hukumat qarorlari quyidagi rasmiy manbalarda e’lon qilinishi mumkin:
«O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami»;
«O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami»;
«Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetasi;
«O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi» — Lex.uz (yagona elektron tizimi).
Shu bois, qarorning Lex.uz bazasida mavjud emasligi uning boshqa rasmiy manbalarda e’lon qilinmaganini anglatmaydi. Biroq raqamli davlat boshqaruvi sharoitida Lex.uz aholi, tadbirkorlar va investorlar tomonidan eng ko‘p foydalaniladigan huquqiy axborot platformasi hisoblanadi.
Ekspertlar qanday baholamoqda?
«Yashirin qarorlar masalasi qonunlar darajasigacha yetib kelgan»
«Avval iqtisod...» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov ham hukumat va hokimlik qarorlarining yopiq qolishi masalasini tanqid qilgan edi. Uning fikricha, bu muammo allaqachon mahalliy darajadan chiqib, qonunchilik va iqtisodiy siyosatning turli bo‘g‘inlariga kirib borgan.
«Korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat viloyat yoki tuman hokimlari darajasida qolib ketmaslik kerak. Bizda yashirin qarorlar masalasi qonunlar va hukumat qarorlari darajasigacha yetib kelgan. Ayrim import va eksport bojlari ham yashirin qarorlar bilan belgilangan. Bu esa ayrim masalalarni jamoatchilik nazoratidan yashirish imkonini bergan», — degan edi iqtisodchi.
Bakirovning ta’kidlashicha, qarorlarni to‘liq yopish amaliyoti xalqaro tajribaga ham zid.
«Qarorning hammasini yashirish shart emas. Agar unda shaxsiy ma’lumot bo‘lsa, faqat o‘sha qismi yopiladi. Bizda esa ko‘pincha butun hujjat yopib qo‘yiladi», — deya ta’kidlagan u.
Iqtisodchi, shuningdek, qarorlarni asossiz yashirgan mansabdorlar uchun amalda javobgarlik mexanizmi ishlamayotganiga e’tibor qaratgan.
«Amalda jazolash mexanizmi yo‘q. Ko‘pi bilan bildirishnoma beriladi, xolos. Jazo bo‘lmasa, qarorlar yana yashirilaveradi», — degan edi Otabek Bakirov.
«Bu davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi»
Korrupsiya masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Qodir Qulliyevniнг ta’kidlashicha, muammo qarorlarning yopiq yoki ochiqligida emas, balki jamoat manfaatlariga daxldor qarorlarning jamoatchilik nazoratidan chetda qolayotganidadir.
«Iqtisodiy, davlat budjetiga tegishli xarajatlar, yer ajratish, qurilish, davlat xaridlari, imtiyozlar yoki tartibga solish bilan bog‘liq qarorlar qanchalik yopiq bo‘lsa, korrupssiya xavfi shunchalik ortadi. Chunki jamoatchilik, biznes va ommaviy axborot vositalari qaror qabul qilish jarayonini ko‘rib bilmasa, manfaatlar to‘qnashuvi, alohida guruhlarga asossiz afzallik berish yoki resurslarni samarasiz taqsimlash xavfini baholash ham qiyinlashadi», — deydi ekspert.
Qulliyevning qayd etishicha, shaffoflik va axborotdan foydalanish imkoniyati korrupsiyaning oldini olishda xalqaro miqyosda tan olingan eng muhim omillardan hisoblanadi.
«BMT va OECD metodologiyalarida ham aynan shaffoflik va axborotdan foydalanish imkoniyati korrupssiyaning oldini olishda asosiy rol o‘ynashi qayd etilgan. Agar davlat qarorlarining katta qismi bizga ochiq bo‘lmasa, vaqt o‘tishi bilan davlat institutlariga ishonch pasayadi, huquqiy aniqlik kamayadi va korrupsiyaga oid shubhalar kuchayadi», — deydi u.
Ekspertning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biri jazolash emas, balki qarorlarni imkon qadar ochiq qilish va ular ustidan mustaqil jamoatchilik nazoratini ta’minlashdir.
«Har qanday yopiq qaror avtomatik ravishda muammo degani emas. Ammo qarorlarning katta qismi jamoatchilik nazoratidan uzoqda qolsa, korrupsisiyaga qarshi profilaktika mexanizmlari zaiflashadi hamda davlat boshqaruvida shaffoflik va hisobdorlik bo‘yicha savollar tug‘iladi», — deydi Qodir Qulliyev.
«Ochiqlikni to‘liq ta’minlaydigan mexanizm yo‘q»
Huquqshunos Madina Tursunovaniнг fikricha, hukumat qarorlarining katta qismi jamoatchilikka ochiqlanmayotganining asosiy sababi ochiqlikni ta’minlaydigan aniq mexanizmlar va mas’uliyat tizimining shakllanmaganidir.
«Qonunchilikda ochiqlik kafolatlangan, lekin uni to‘liq ta’minlaydigan mexanizm yo‘q. chiqlikka bag‘ishlangan hujjatlarda umumiylashtirib aytilgan — ochiqlik, shaffoflik deb. Lekin aynan ichki hujjatlar, ichki qabul qilinadigan buyruqlar, nizomlar, yo‘riqnomalar bo‘yicha hech narsa yo‘q», — deydi Tursunova.
Uning ta’kidlashicha, yana bir muammo davlat organlarida axborot ochiqligi uchun mas’ul alohida shaxslarning yo‘qligidir.
«Ko‘pincha bu vazifa matbuot kotiblari zimmasiga yuklanadi. Aslida esa ma’lumot olish huquqini ta’minlash va ochiqlik siyosati uchun rahbar yoki yuridik blok vakillari mas’ul bo‘lishi kerak. Ular qaysi ma’lumot ochiq, qaysisi maxfiy ekanini huquqiy jihatdan baholay oladi», — deydi huquqshunos.
Tursunova muammoning yana bir sababi sifatida davlat boshqaruvidagi «maxfiylik madaniyati»ni ko‘rsatadi.
«Hozircha ichki hujjatlarni ochiqlash davlat organlari faoliyatining qadriyatiga aylanmagan. Bu madaniyat — maxfiylik madaniyati. Aslida esa hamma narsa ochiqlanishi kerak va juda ham kichkina qismi yopiq bo‘lishi kerak», — deydi Madina Tursunova.
«Adolat tamoyili buzilgan har qanday qaror korrupsiya xavfini oshiradi»
Jamoatchilik faoli va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sobiq xodimi Obidjon Latipovniнг fikricha, ayrim qarorlarning yopiq qabul qilinishi ortida jamoatchilikning e’tirozi va noqulay savollaridan qochish istagi yotishi mumkin.
«Qaror ochiqlansa, kimdir imtiyoz olib qo‘ygan bo‘lishi mumkin, kimlargadir ustuvorlik berilgan bo‘lishi mumkin yoki masala adolatli hal qilinmagan bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, bunday holatda tomonlar e’tiroz bildiradi va savol beradi. Noqulay savollarga javob berishni istamagani uchun ayrim qarorlar yopiq qabul qilinadi, deb o‘ylayman», — dedi u.
Latipovning ta’kidlashicha, bu holat davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hamda korrupsiyaning oldini olishda muhim hisoblangan shaffoflik tamoyiliga zid.
«Adolat tamoyili buzilgan har qanday qaror korrupsiya xavfini oshiradi. Qarorlarning adolatsiz ekaniga oid shubhalar kuchayib boradi. Agar bu vaziyat yaxshilanmasa, korrupsisiya xavfi ham ortib boraveradi», — dedi Obidjon Latipov.
Shuni ta’kidlash lozimki, hukumat qarorlarining Lex.uz bazasida mavjud emasligi ularning avtomatik ravishda «yashirin» yoki «noqonuniy» ekanini anglatmaydi. Biroq raqamli davlat boshqaruvi sharoitida qarorlarning asosiy milliy platformada e’lon qilinmasligi ochiqlik tamoyillari to‘liq ishlamayotganini ko‘rsatadi.
Muammo hujjatning mavjud yoki mavjud emasligida emas, balki jamoatchilik uchun eng asosiy va qulay axborot manbasida ochiq taqdim etilmayotganida. Bugun fuqarolar, tadbirkorlar va investorlar qarorlarni gazeta yoki bosma to‘plamlardan emas, avvalo raqamli bazalardan qidiradi.
2026-yilning dastlabki to‘rt oyida qarorlarning 56 foizi ochiq manbalarda mavjud emasligi esa davlat boshqaruvidagi shaffoflik masalasi faqat huquqiy emas, balki texnologik va institutsional muammoga ham aylanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Asossiz yopiqlik jamoatchilik nazoratining cheklanishi va korrupsiya xavfining ortishiga olib kelishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, qarorlarning ochiqligini shunchaki deklarativ tamoyil sifatida emas, balki raqamli platformalarda amalda ta’minlanadigan tizim sifatida shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Теглар






