Lionel Messi milliarderga aylandi
U boyligi millard dollarga yetgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi.

Argentinalik mashhur futbolchi Lionel Messining boyligi 1 milliard dollarga yetdi. Bu haqda «Bloomberg» agentligi xabar berdi.
Messining asosiy daromad manbalari
Argentina terma jamoasining 38 yoshli hujumchisi 2007 yildan beri faqat maosh va bonuslarning o‘zidan 700 million dollardan ko‘proq daromad qilgan.
Uning milliarder maqomiga erishishida tijorat shartnomalari, teleko‘rsatuvlardan tushgan mablag‘lar hamda investitsiyalar muhim rol o‘ynagan. Shu tariqa, Messi Krishtianu Ronaldudan so‘ng milliarderga aylangan dunyodagi ikkinchi futbolchi bo‘ldi.
Lionel Messi 2023 yildan buyon Amerikaning «Inter Mayami» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning mazkur jamoadagi bazaviy maoshi yiliga 25 million dollarni, kafolatlangan umumiy daromadi esa 28,3 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, shartnomada futbolchining klub aksiyalariga egalik qilishi, shu bilan birga, «Apple» va «Adidas» kompaniyalari bilan hamkorlikdan tushadigan foydadan ulush olishi ham ko‘zda tutilgan. Umumiy hisobda Messining yillik daromadi taxminan 130 million dollarga baholanmoqda.
Ronaldu eng ko‘p daromad topayotgan sportchi bo‘lib qolmoqda
Ayni paytda, «Forbes» jurnali Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida to‘p surayotgan portugaliyalik besh karra «Oltin to‘p» sohibi Krishtianu Ronalduni dunyoning eng ko‘p haq to‘lanadigan sportchisi deb e’tirof etdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u so‘nggi bir yil ichida 300 million dollar ishlab topgan.
Ushbu reytingda ikkinchi o‘rinni meksikalik professional bokschi Kanelo Alvares (yiliga 170 million dollar) egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rindan sakkiz karra «Oltin to‘p» egasi Lionel Messi (140 million dollar) joy oldi.





