Logo

Markaziy bank firibgarlikni aniqlash tizimi uchun yangi talablarni joriy etmoqda

Yangi talablar bank va to‘lov tashkilotlaridagi antifrod tizimlari 24/7 ishlab, shubhali operatsiyalarni real vaqt rejimida baholaydi hamda firibgarlik alomatlarini aniqlaydi.

Markaziy bank firibgarlikni aniqlash tizimi uchun yangi talablarni joriy etmoqda © vaqt.uz

O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlarining axborot tizimlarida shubhali operatsiyalarni aniqlashga qo‘yiladigan umumiy talablarni belgilovchi nizom loyihasini ishlab chiqdi va u 9-oktabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjat mobil ilovalar, internet-banking, bank kartalari va elektron hamyonlardan foydalanishda yuzaga keladigan firibgarlik xatarlarini aniqlash va ularning oldini olish masalalarini qamrab oladi.

Antifrod tizimlari qanday ishlaydi?

Loyihaga ko‘ra, antifrod tizimlari sutka davomida uzluksiz ishlashi va operatsiyalarni real vaqt rejimida baholashi kerak. Bunda shubhali holatni aniqlash uchun bir nechta belgi birgalikda hisobga olinadi va operatsiyaga xavf darajasi bo‘yicha baho beriladi.

Agar mijozning operatsiyasida firibgarlik alomatlari aniqlansa, qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilishi mumkin. Xususan, ijtimoiy muhandislik alomatlari aniqlangan holatlarda mijozni qo‘shimcha verifikatsiyadan o‘tkazish taklif etiladi.

Antifrod tizimlarida qo‘llanadigan modellar ham muntazam tekshirib boriladi. Ularni kamida har chorakda baholash talabi belgilanmoqda.

Firibgarlik haqida ma’lumot almashiladi

Loyihada shubhali operatsiyalar va yangi firibgarlik sxemalari haqida moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida axborot almashish ham ko‘zda tutilgan.

Yirik firibgarlik holatlari yuz berganda Markaziy bankni xabardor qilish, mijozlarning shubhali operatsiyalar bo‘yicha murojaatlarini esa sutka davomida qabul qilish talabi joriy etilishi mumkin.

Nizom loyihasi Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Singapur va boshqa mamlakatlarning firibgarlikka qarshi kurashish tajribasi asosida ishlab chiqilgan.

Markaziy bankning qayd etishicha, yangi talablar moliya sektorida antifrod tizimlariga nisbatan yagona yondashuvni shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, ular firibgarlik xatarlarini oldindan aniqlash va mijozlar mablag‘larini himoya qilish choralarini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид