Markaziy Osiyo energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlari Toshkentda uchrashdi

14.02.2026 | 14:002 дақиқа

Uchrashuvda kuz-qish va vegetatsiya mavsumida barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha grafiklar tasdiqlandi.

Markaziy Osiyo energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlari Toshkentda uchrashdi

13-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish va vegetatsiya davrida suv-energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qirg‘iziston Energetika vaziri T.Ibrayev, Qozog‘iston Energetika vaziri Y.Akkenjenov hamda Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri D.Juma ishtirok etdi. Shuningdek, sohaviy kompaniyalar rahbarlari va mutaxassislar ham qatnashdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda davlat rahbarlari tashabbusi bilan ko‘p tomonlama hamkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar mintaqada barqarorlikni ta’minlashda muhim omil sifatida qayd etildi.

Tomonlar joriy kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, elektr energiyasi va suv resurslaridan samarali foydalanish, tizimlar ish rejimi bo‘yicha o‘zaro axborot almashinuvini kuchaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tarmoqlar ish rejimlari grafiklari kelishib olindi. Bu qarorlar mintaqaviy energetik xavfsizlikni mustahkamlash, suv taqsimotida mutanosiblikni saqlash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistonning sug‘orish uchun suvga pul to‘lamasligidan norozilik bildirgani haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид