May oyida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi

Бугун 09:251 дақиқа

O‘zbekistonda 2026 yil may oyi odatdagidan issiqroq bo‘lishi kutilmoqda, oy boshida esa yomg‘ir va shamolli ob-havo saqlanib qoladi.

May oyida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi © vaqt.uz

O‘zbekistonda 2026 yil may oyi uchun berilgan prognozlarga ko‘ra, o‘rtacha harorat iqlimiy me’yordan 1,5–2 darajaga yuqori bo‘ladi. «O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida harorat bosqichma-bosqich oshib borishi kutilmoqda.

Oyning birinchi yarmida kunduzgi harorat asosan 24–27 daraja atrofida bo‘ladi. Ikkinchi yarmiga kelib esa bu ko‘rsatkich 28–31 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim kunlarda yozga xos issiq kuzatilib, havo harorati 34–37 darajagacha, ba’zi hududlarda esa undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

May oyining dastlabki kunlari nisbatan beqaror ob-havo bo‘ladi

Qisqa muddatli yomg‘irlar, momaqaldiroq va kuchli shamol ayrim hududlarda kuzatilishi mumkin. Bu davrda tungi harorat 13–18 daraja, kunduzi esa 22–27 daraja atrofida bo‘ladi.

Oy o‘rtasidan boshlab harorat asta-sekin oshib boradi. Oy oxiriga kelib tungi harorat 18–23 darajaga, kunduzgi harorat esa 30–35 darajagacha yetadi. Shu tariqa, may oyining ikkinchi yarmida barqaror issiq havo shakllanadi.

May oyidagi yog‘in miqdori

Prognozlarga ko‘ra, may oyida yog‘ingarchilik mart va aprel oylariga nisbatan kamroq bo‘ladi. Aksariyat hududlarda oylik yog‘in miqdori 20–45 mm ni tashkil etsa, tog‘oldi va tog‘li hududlarda bu ko‘rsatkich 50–90 mm gacha yetishi mumkin.

Shu bilan birga, yog‘ingarchiliklar asosan qisqa muddatli bo‘lib, kuchli shamol va momaqaldiroq bilan kechishi mumkin. Ayrim hollarda qisqa vaqt ichida ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ib, tog‘li hududlarda sel kelish xavfini yuzaga keltiradi.

Теглар

Мавзуга оид