«Mening bog‘im» dasturi doirasida qancha pul ajratilishi ma’lum qilindi

Бугун 14:402 дақиқа

O‘zbekistonda «Mening bog‘im» dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘ 400 mln so‘mdan oshirilib, hududlarda yashil makonlar barpo etish yanada rag‘batlantiriladi.

«Mening bog‘im» dasturi doirasida qancha pul ajratilishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda «Mening bog‘im» dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘ miqdori oshirilishi belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish tadbirida ma’lum qildi.

Avval ajratilgan mablag‘ miqdori

Avval mazkur dastur orqali har bir loyiha uchun davlat budjeti hisobidan 250 million so‘mgacha mablag‘ ajratilar edi. Yangi qarorga ko‘ra, bu miqdor 400 million so‘mdan oshirilib, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaytirildi.

Dastur doirasida fuqarolarga o‘zlari tanlagan, yashash hududiga yaqin va suv ta’minoti mavjud bo‘lgan joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yerlarda jamoat bog‘lari va yashil hududlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Endi har bir deputat o‘z saylov okrugida yashil hudud barpo etishi uchun pul ajratiladi

Shuningdek, tashabbusni yanada ommalashtirish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlariga ham alohida vazifalar yuklatildi. Endi har bir deputat o‘z saylov okrugida yashil hudud barpo etishi uchun 412 million so‘mdan mablag‘ oladi.

Prezident mahalla faollari, nuroniylar va yoshlarni birlashtirgan holda har bir ko‘cha va hududda daraxt ekish ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir ekilgan ko‘chat — kelajak, sog‘lom muhit va toza havo garovidir.

Toshkent shahrida Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berildi

Tadbir doirasida Toshkent shahrida Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berildi. Shu bilan birga, mamlakatning barcha hududlarida ham bir vaqtning o‘zida yangi yashil hududlar tashkil etish ishlari boshlandi.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) qarshisidagi Toshkent va Qibray tumanlaridagi 83 gektarda dendrologiya bog‘i barpo etiladi.

Toshkent shahar hokimligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda 2026 yil yakuniga qadar Chilonzor tumani Lutfiy mahallasi Bog‘iston ko‘chasida joylashgan Toshkent shahri onkologiya shifoxonasi o‘rnidagi 4,36 gektarda yashil jamoat parki tashkil etilishini ta’minlaydi.

Bog‘lar Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi, homiylik mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan barpo etiladi.

Теглар

Мавзуга оид