Migrantlar uchun yangi cheklovlar va armiyaga majburlash: Rossiya mehnat bozorida nimalar bo‘lmoqda?
Rossiya hukumati migrantlar ustidan nazoratni keskin kuchaytirib, Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbatan bosimni oshirayotgan bir paytda, mamlakat iqtisodiyoti jiddiy ishchi kuchi tanqisligiga yuz tutmoqda.
© vesti.ruRossiya hukumati so‘nggi yillarda migratsiya siyosatida yangi cheklovlarni joriy qilmoqda. Bir vaqtning o‘zida mamlakatda ishchi kuchiga ehtiyoj saqlanib қолаётгани sababli Rossiya Hindiston, Keniya, Bangladesh va boshqa uzoq mamlakatlardan ishchilar jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Mazkur holatni Rossiya migratsiya siyosatidagi o‘ziga xos paradoks sifatida baholash mumkin.
Mamlakatda migrantlar ustidan raqamli nazoratni o‘rnatishga qaratilgan yangi qoidalar 1-sentabrdan kuchga kirdi. Rossiya bilan vizasiz rejimga ega davlat fuqarolariga Moskva va Moskva viloyati kabi ayrim hududlarda o‘z telefonlariga maxsus «Amina» ilovasini o‘rnatish talabi qo‘yilgan. Ушbu ilova migrantlarning harakatlarini kuzatib boradi.
Sentyabr oyida yana bir federal qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, migrantlar Rossiyaga kirib kelganidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan 90 kun ichida emas, balki 30 kun ichida o‘tishi shart. Shuningdek, xavfli infeksiyalar aniqlangan taqdirda xorijiy fuqaroni mamlakatdan deportatsiya qilish vakolatlari kengaytirildi. Kasalliklar haqida soxta ma’lumotnomalar tayyorlash va ulardan foydalanganlik uchun javobgarlik choralari ham og‘irlashtirilgan.
Rossiyaning 52 ta subyektida migrantlarning ayrim sohalarda ishlashiga cheklovlar joriy etildi. Masalan, Sankt-Peterburgda patent asosida mehnat qiluvchi xorijliklarga jamoat transporti haydovchisi, taksichi va kurer bo‘lib ishlash taqiqlandi. Federal miqyosda esa qurilish sohasida xorijiy mutaxassislar ulushi 50 foiz, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida 40 foiz etib cheklandi.
Markaziy osiyolik migrantlarga bosim
Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Valentina Chupik xorijiy OAVga bergan intervyusida Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarga nisbatan bosim keskin kuchayganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, reydlar vaqtida ba’zi migrantlarni Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majburlash holatlari uchragan. Chupik ayrim holatlarda zo‘ravonlik va tahdidlardan foydalanilganini taъкидлаmoqda.
«Qamoqxonalardan migrantlarni o‘g‘irlab ketish holatlari bo‘lgan. Dastlab shartnomalarni imzolashga majburlash maqsadida qiynoqlar, jumladan, jinsiy zo‘ravonliklar qo‘llanilgan», — deya qayd etadi Chupik.
Ekspert bunday holatlar migratsiya markazlarida ham kuzatilganini aytgan. Uning bildirishicha, hatto migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirish uchun kelgan ayrim xorijliklar harbiy komissariatlarga yuborilib, u yerda shartnoma imzolashga majbur qilingan.
«Odamlar harbiy komissariatga borishgan, u yerda ularni qamab qo‘yishgan va keyin o‘g‘irlab ketishgan yoki kaltaklab, shartnoma imzolashga majbur qilishgan», — deb ta’kidlaydi Chupik.
Bularning barchasi Rossiyadagi MDH davlatlaridan kelgan migrantlar soni shiddat bilan qisqartirmoqda.
Rossiyada xorijliklar soni qancha?
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Bosh migratsiya boshqarmasi rahbari Andrey Kikotning 10-sentabrdagi hisobotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakat hududida 6–6,5 million nafar xorijiy fuqaro mavjud. Bu avvalgi yillardagi ko‘rsatkichdan taxminan 8 foizga kam. Ularning qariyb 3 million nafarini mehnat migrantlari tashkil etadi.
Kikotning ma’lum qilishicha, so‘nggi ikki yil ichida Rossiya hududidan qariyb 100 ming nafar xorijlik chiqarib yuborilgan, yana 197 ming kishining mamlakatga kirishi cheklangan.
Shuningdek, 2027 yilning 1-yanvaridan boshlab mehnat migrantlari o‘zlarining ishlamaydigan oila a’zolari uchun soliq to‘lashi rejalashtirilmoqda. Rossiya hukumatining migratsiya siyosati konsepsiyasida ham ishlamaydigan oila a’zolarining mamlakatda bo‘lishini cheklash maqsadi alohida qayd etilgan.
Bir tomonda migrantlar kamaymoqda, boshqa tomonda ishchi kuchi yetishmayapti
Rossiyada migrantlarga nisbatan cheklovlar kuchayib borayotgan bir paytda, mamlakatda ishchi kuchi tanqisligi hamon saqlanib qolmoqda.
Iqtisodchilarning baholashicha, Rossiyadagi mehnat resurslari yetishmovchiligi aholi sonining tabiiy kamayishi va ishchi kuchining qisqarishi bilan bevosita bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy kamayish yiliga taxminan 500 ming kishini tashkil etmoqda.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning qayd etishicha, 2030 yilgacha pensiyaga chiqadigan 10,1 million nafar xodimning o‘rnini to‘ldirish, bundan tashqari yana kamida 800 ming nafar mutaxassisni jalb qilish talab etiladi. Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ham ko‘plab tarmoqlarda ishchi kuchi tanqisligi saqlanib qolayotganini tasdiqlagan.
Rossiya endi Hindistondan ko‘proq ishchi jalb qilmoqda
Ishchi kuchi yetishmovchiligi fonida Rossiya mehnat migratsiyasi manbalarini kengaytirishga urinmoqda.
Rossiya hukumati 2026 yil uchun vizali rejim asosida kirib keladigan davlatlar fuqarolari orasidan 278 940 nafar ishchiga kvota ajratgan. Bu 2025 yilgi ko‘rsatkichdan taxminan 19 foizga ko‘p.
Rossiyaning Hindistondagi elchisi Denis Alipovning aytishicha, 2026 yilning iyun oyiga kelib Rossiyada 70 mingdan ortiq Hindiston fuqarosi mehnat qilgan. Rossiya hukumati mazkur mamlakatdan uyushgan tarzda ishchilar jalb qilishni davom ettirish niyatida.
Shu bilan birga, Rossiya va Keniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha kvotalarni kengaytirish masalasi ham ishlab chiqilmoqda.
Markaziy osiyoliklar hamon migratsiya oqimining asosiy qismini tashkil etmoqda
Hindiston, Keniya, Bangladesh va boshqa davlatlardan ishchilarning kelishi Markaziy Osiyodan borgan migrantlarning o‘rnini to‘liq bosishini anglatmaydi. MDH davlatlari fuqarolari hali ham Rossiyadagi migratsiya oqimining katta qismini tashkil etadi.
Shunga qaramay, Rossiya ishchi kuchi izlash geografiyasini tobora kengaytirmoqda. Hindiston va Keniyadan tashqari, Bangladesh kabi mamlakatlar ham bu borada tilga olingan.
Valentina Chupikning shaxsiy hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Rossiya iqtisodiyotiga amaldagidan ko‘ra ko‘proq mehnat migrantlari talab etiladi. Uning baholashicha, mamlakat iqtisodiyotini ushlab turish uchun yiliga 6,5 million, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun esa 12 million mehnat migranti zarur. Hozirgi kunda esa Rossiyaga ishlash uchun taxminan 2,5 million nafar mehnat migranti kelmoqda.
Migrantlar uchun boshqa yo‘nalishlar ham paydo bo‘lmoqda
Hozirda Markaziy osiyolik migrantlar Rossiyadan tashqari Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonida ishlash imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Shu tariqa, Rossiyada migratsiya siyosati bir vaqtning o‘zida ikki xil yo‘nalishda kechmoqda: bir tomondan, xorijliklar ustidan nazorat va cheklovlar kuchaytirilmoqda, ikkinchi tomondan esa, iqtisodiyotdagi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida yangi mamlakatlardan ishchilar jalb qilinmoqda.
Markaziy Osiyodan yo‘nalgan an’anaviy migratsiya oqimi qisqarishining o‘rnini mazkur usul orqali to‘ldirish va Rossiya iqtisodiyotining ishchi kuchiga bo‘lgan ko‘p millionli ehtiyojini qondirish mumkin bo‘ladimi yoki yo‘q — bunisi hozircha noma’lum.
Ammo shunisi aniqki, bugungi kunda Rossiya migrantlarning bir toifasi uchun yashash va ishlash sharoitlarini tobora murakkablashtirayotgan bo‘lsa, yangi ishchi kuchini o‘z chegaralaridan yanada uzoqroq hududlardan izlamoqda.





