Navoiyda 1100 dona patron saqlagan fuqaro qo‘lga olindi

22.02.2026 | 11:031 дақиқа

Patronlarning 500 donasi avtotransport vositasidan, qolgan 600 tasi fuqaroning yashash xonadonidan topilgan.

Navoiyda 1100 dona patron saqlagan fuqaro qo‘lga olindi

Navoiy viloyatining Konimex tumanida avtomobili va uyida jami 1100 dona 5,6 mm kalibrli otish uchun yaroqli patronlarni noqonuniy saqlagan shaxs qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs nazoratga olingan.

Unga tegishli Onix rusumli avtotransport vositasi Konimex tumani hududida ko‘zdan kechirilgan. Avtomashina yukxonasidan 500 dona 5,6 mm kalibrli otish uchun yaroqli patronlar topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining yashash manzili ham tekshirilgan.

Uyidan yana 600 dona shu turdagi patronlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan. Shu tariqa, jami 1100 dona o‘q-dori noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi, ya’ni o‘qotar qurol va o‘q-dorilarning qonunga xilof muomalasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид