Logo

«Newport» qurilishi doirasida uyidan majburan ko‘chirilgan fuqarolar ishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Кеча 20:002 дақиқа

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yashovchi fuqarolar «Newport» qurilishi doirasida o‘z uylaridan majburan chiqarib yuborilgani va bu bo‘yicha Prezident Administratsiyasi rahbariga videomurojaat yo‘llagani ortidan shahar prokuraturasi tekshiruv boshladi.

«Newport» qurilishi doirasida uyidan majburan ko‘chirilgan fuqarolar ishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi © Foto: t.me/toshkentprokuraturasi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanida yashovchi R.P. va boshqa fuqarolarning O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi.

Unda muallif «MEGA LOGISTICS SERVICE» MCHJ (videoda «Newport» va «Omega Logistic» qurilish kompaniyasi sifatida ham tilga olingan) tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish loyihasi doirasida o‘zlariga tegishli hovli buzilganini va bu jarayonda qonuniy huquqlari poymol etilganini ta’kidlagan.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, nizoli vaziyat yuzasidan tuman va shahar sudlariga, shuningdek, barcha instansiyadagi (tuman, shahar, respublika va Bosh prokuratura) prokuratura organlariga qilingan murojaatlar besamar ketgan va ular kutgan huquqiy himoya ta’minlanmagan.

R.P. qurilish ishlari boshlanishi arafasida xonadonga ichki ishlar organlari hamda Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlari kirganini aytmoqda. Shundan so‘ng, uy egalari bosim ostida, o‘z irodasiga qarshi o‘laroq tovon pulini olishga va tegishli hujjatlarni imzolashga majbur qilingan.

Rasmiy izoh

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy izoh berdi. Xabarga ko‘ra, Toshkent shahrida fuqaro R.P. va boshqalar o‘zlariga tegishli bo‘lgan uydan majburiy ravishda chiqarib yuborilgani holati bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu vaziyat Toshkent shahar prokuraturasi va hokimligi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

O‘rganish ishlari murojaat mualliflari va «MEGA LOGISTICS SERVICE» MCHJ vakillari ishtirokida olib borilgan hamda tegishli shaxslardan arizalar qabul qilib olingan.

«Murojaat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — deyiladi prokuraturaning rasmiy xabarida.

«G‘o‘daygan, o‘zidan ketganlar bu ishni qiladi» — Saida Mirziyoyeva

Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahri Mirobod tumanidagi «Lolazor» mahallasiga tashrif buyurib, qurilishlar tufayli umumiy hovlilar, bolalar va sport maydonchalari yo‘q qilinishi tanqid qilgan edi.

Uning ta’kidlashicha, Bosh prokuraturaga Toshkent shahri bo‘yicha shunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari hamda aholi huquqlariga rioya etilganini tekshirish topshirilgan.

«Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi», — degan edi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u bunday qurilishlar ortida kimningdir qo‘llovi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, «Oddiy odamlar bunday ishlar bilan shug‘ullana olmaydi. Demak, ularning ortida qandaydir kuch bor. Ammo g‘o‘daygan, o‘zidan ketganlar jazosiz qolmaydi», degan edi.

Теглар

Мавзуга оид