Logo

NKMK oltin sotuvidan yarim yilda 2,38 mlrd dollar foyda oldi

Бугун 11:302 дақиқа

Jahon bozorida oltin narxining oshishi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ning daromad va sof foydasini keskin ko‘paytirdi. Biroq kombinatda oltin ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan qisqargan.

NKMK oltin sotuvidan yarim yilda 2,38 mlrd dollar foyda oldi

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 2026 yilning birinchi yarmi uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Kompaniya hisobot davrida 7 mlrd 67 mln dollar sof tushum olgan. Bu 2025 yilning shu davridagi 4 mlrd 713 mln dollarga nisbatan 49,9 foiz ko‘p.

Kompaniya daromadining o‘sishi asosan jahon bozorida oltin narxining oshishi bilan izohlangan. Bunda ishlab chiqarish hajmi aksincha kamaygan. Joriy yilning birinchi yarmida 1,51 mln troy unsiya oltin ishlab chiqarilgan, o‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 1,54 mln troy unsiyani tashkil etgan.

NKMK hisobotida qayd etilishicha, oltin narxining o‘sishi ishlab chiqarish hajmidagi 1,8 foizlik pasayishni qoplabgina qolmay, kompaniyaning moliyaviy natijalarini ham sezilarli yaxshilagan. Natijada sof foyda 2 mlrd 382 mln dollarga yetgan va yillik hisobda 57,2 foizga oshgan.

Tannarx ham qimmatlashdi

Shu bilan birga, kompaniyada bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi sezilarli darajada oshgan. 2026 yil birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 1 647 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning mos davrida 1 164 dollar bo‘lgan.

NKMK bu o‘sishning asosiy sabablaridan biri oltin narxining yuqoriligi ortidan royalti, ya’ni yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlari ko‘paygani ekanini bildirgan. Ushbu omil tannarx o‘sishining 31 foizini tashkil etgan.

Bundan tashqari, inflatsiya sarflanadigan materiallar qiymatiga ta’sir ko‘rsatgan. «Muruntov» konida amalga oshirilayotgan investitsion loyiha xarajatlarining ortishi ham ishlab chiqarish tannarxiga bosim qilgan.

So‘mning ta’siri sezildi

Hisobotda o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi ham alohida qayd etilgan. Olti oy davomida milliy valuta 6,1 foizga mustahkamlangan va bu oltin ishlab chiqarish tannarxini bir unsiya hisobida yana 101 dollarga oshirgan.

Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, valuta kursidagi ushbu o‘zgarish tannarxning umumiy o‘sishining 8,7 foizini tashkil qilgan. Shunga qaramay, jahon bozorida oltin narxining yuqori bo‘lishi NKMK moliyaviy natijalarining o‘sishini ta’minlagan.

Ma’lumot uchun, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar to‘rttaligiga kiradi. Korxona yer osti boyliklari zaxiralarini geologik qidirish, qazib olish va qayta ishlashdan to tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq amalga oshiriladigan sanoat klasteridir.

Kompaniyada 50 000 dan ortiq ishchi-xodim ishlaydi. Ishlab chiqarish infratuzilmasi O‘zbekiston hududida joylashgan 12 dan ortiq yirik konlar va 10 ta qayta ishlash korxonalaridan iborat. NKMKning asosiy aktivlari qatoriga resurs bazasi 100 mln. unsiyadan ortiq bo‘lgan dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri «Muruntov» koni kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning oltin zaxiralari bir yilda 73,1 tonnaga oshib, tarixiy rekord yangilagani haqida ma’lumot berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид