O‘zbek telefon raqamlari norasmiy serverlarda sotuvga chiqqani aytilmoqda

Кеча 21:072 дақиқа

Ijtimoiy tarmoqlarda +998 kodli, o‘zbek nomerlari xalqaro va norasmiy platformalarda ochiq savdoga qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu qanchalik xavfli?

O‘zbek telefon raqamlari norasmiy serverlarda sotuvga chiqqani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek nomerlari norasmiy onlayn servislarda sotilayotgani aytilmoqda. Mamlakat mobil operatorlariga tegishli +998 kodli raqamlar, hatto hali rasmiy sotuvga chiqmagan seriyalar ham xorijiy virtual va nazoratsiz platformalarda ochiq savdoga qo‘yilgan.

Mazkur tizim orqali dunyoning istalgan nuqtasidan turib, bir necha dollar evaziga O‘zbekiston raqamini hech qanday hujjatsiz ijaraga olish yoki sotib olish mumkin. Ushbu virtual raqamlar yordamida Telegram, WhatsApp, bank ilovalari va boshqa minglab platformalarda ro‘yxatdan o‘tish uchun SMS-kodlarni qabul qilish imkoni mavjud.

Eng xavfli jihati shundaki, bunday raqamlarni olishda hech qanday identifikatsiya — na pasport, na ID karta talab etiladi. Bu esa firibgarlik sxemalari uchun keng imkoniyat yaratadi. Natijada raqam bor, faoliyat bor, biroq uning ortida kim turganini aniqlash deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

Arzon akkaunt bozori

Ayrim platformalar raqamlarni alohida servislar uchun sotish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Xususan, Facebook, Google/YouTube kabi xizmatlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun mo‘ljallangan raqamlarni juda arzon narxlarda xarid qilish mumkin. Bu esa soxta akkauntlar soni keskin oshishiga olib kelishi ehtimolini kuchaytiradi.

O‘rganishlar davomida bir qator yirik norasmiy servislarda O‘zbekiston aloqa operatorlariga tegishli prefiksdagi raqamlar doimiy taklifda ekani aniqlangan. Ayrim xizmatlar hatto 71 prefiksli shahar raqamlarini ham virtual biznes raqam sifatida sotmoqda.

Yana bir e’tiborli holat — ayrim raqamlar bir vaqtning o‘zida ham real tarmoqda faol, ham virtual servislar orqali sotuvda mavjud bo‘lishi mumkinligi. Bu esa “raqam sizda, ammo akkaunt allaqachon ochilgan” kabi xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiradi (bu holat vakolatli tashkilotlar tomonidan chuqur tekshirilishi zarur).

Bu jarayon nafaqat shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga, balki milliy telekommunikatsiya infratuzilmasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki statistikada “faol abonent” sifatida qayd etilgan ayrim raqamlar amalda real foydalanuvchilarga tegishli emas, balki virtual botlar tomonidan ishlatilayotgan bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Kim javobgar?

Mazkur holat birgina tashkilot vakolatiga kirmaydi va bir nechta idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish masalasi sifatida ko‘rilmoqda. Asosiy rol Raqamli texnologiyalar vazirligi va O‘zkomnazorat zimmasiga to‘g‘ri keladi, chunki aynan ular telekommunikatsiya va raqamlar taqsimoti ustidan nazorat olib boradi.

Shu bilan birga, masala milliy xavfsizlik darajasiga chiqadigan bo‘lsa, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ham jarayonga jalb etiladi. Firibgarlik, akkaunt buzish yoki moliyaviy jinoyatlar yuzasidan esa Ichki ishlar vazirligi (IIV) tergov olib boradi. Agar holat bank ilovalari bilan bog‘liq bo‘lsa, Markaziy bank ham moliyaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan nazoratni amalga oshiradi.

Muammo bitta tashkilot emas, balki tizimli koordinatsiya yetishmasligi bilan bog‘liq.

Holat yuzasidan barcha mas’ul tashkilotlardan rasmiy izoh kutamiz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 60 ming o‘zbekistonliklarning ma’lumotlari darknetga sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Мавзуга оид