Logo

O‘zbekiston avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi

Yil boshidan buyon mamlakat oltin xaridi bo‘yicha dunyo markaziy banklari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatning oltin zaxiralari qariyb 439 tonnaga yetdi.

O‘zbekiston avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi © gate.com

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi. Natijada yil boshidan buyon xarid qilingan oltin hajmi qariyb 50 tonnaga yetdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.

Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida dunyo markaziy banklari jami 39 tonna oltin xarid qilgan. Yil boshidan buyon esa markaziy banklarning sof oltin xaridlari 170 tonnani tashkil etgan.

Avgust oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan mamlakat Xitoy bo‘ldi. Uning oltin zaxiralari 20 tonnaga oshdi. Keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston va Polsha egalladi — har ikki mamlakat 8 tonnadan oltin sotib oldi. Qozog‘iston zaxiralarini 7 tonnaga, Turkiya 3 tonnaga, Chexiya esa 2 tonnaga oshradi.

Rossiya va Iordaniya esa, aksincha, oltin zaxiralarini qisqartirdi. Ular avgust oyida mos ravishda 6 tonna va 3 tonna oltin sotdi.

O‘zbekistonning oltin zaxiralari qariyb esa 439 tonnaga yetdi. Oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining qariyb 90 foizini tashkil etadi.

Yil boshidan buyon Polsha yetakchi

2026-yil boshidan buyon markaziy banklar orasida eng ko‘p oltin xarid qilgan mamlakat Polsha bo‘lib turibdi. Uning xaridlari 98 tonnaga yetdi. Xitoy 80 tonna bilan ikkinchi, O‘zbekiston esa qariyb 50 tonna bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Boshqa mamlakatlar orasida Qozog‘iston ham oltin zaxiralarini sezilarli darajada oshirdi. Yil boshidan buyon uning zaxiralari qariyb 36 tonnaga ko‘paydi. Chexiya esa 14 tonna oltin xarid qildi.

Turkiya, aksincha, yil boshidan buyon oltinni eng ko‘p sof sotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Uning sof sotuvlari 82 tonnani tashkil etdi. Bu hajmning asosiy qismi yilning birinchi choragiga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya esa yil boshidan buyon 56 tonna oltin sotgan.

Avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2026-yil sentabrida oltin narxining pasayishi hisobiga 5,5 mlrd dollarga kamayib, 1-oktabr holatiga 66,6 mlrd dollarni tashkil etgani haqida yozgan edi. Ammo mamlakatning oltin zaxiralari jismoniy hajmda kamaymagan.

Теглар

Мавзуга оид