O‘zbekiston yanvarda gaz importini 7 barobar oshirdi. Eksport esa umuman bo‘lmadi

2017-yilda O‘zbekiston to‘liq gaz eksport qiladigan mamlakat edi. 2026-yilga kelib bu holat teskarisiga o‘zgarmoqda.

O‘zbekiston yanvarda gaz importini 7 barobar oshirdi. Eksport esa umuman bo‘lmadi

2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonning gaz importi 167,6 mln dollarni tashkil qildi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi

Gaz importi yil boshida o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7 barobarga oshdi. O‘tgan yilning yanvarida 27,8 mln dollarlik gaz xorijdan sotib olingandi. Biroq, o‘shanda ham gaz importi 5,4 barobarga ko‘paygandi. Bu mamlakatda gaz eksporti sezilarli o‘sayotganini ko‘rsatadi. 

2025-yilning yanvarida gaz eksporti 21,8 mln dollarni tashkil qilgandi. 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich nolga aylandi. Yanvarda O‘zbekiston uzoq yillardan beri birinchi marta xorijga gaz sotmadi va to‘liq import qiluvchi davlat bo‘ldi. 

2017-yilda O‘zbekiston xorijga 2,2 mlrd dollarlik gaz eksportini amalga oshirgandi. O‘sha yillari mamlakat gazni umuman import qilmasdi. 

Infografika —

Gaz sezilarli ravishda 2019-yildan boshlab import qilinmoqda. Mamlakatda gaz eskporti importdan 2023-yilgacha ko‘proq edi. Biroq, shundan beri xorijdan gaz sotib olish, sotishdan ko‘ra ko‘proq bo‘lib kelmoqda. 

Nega bunday bo‘lyapti? 

O‘zbekiston gazni sof eksport qiluvchi davlatdan sof import qiluvchi davlatga aylanayotganiga gaz qazib olish yildan-yilga pasayib borayotgani sabab bo‘lmoqda. 

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, gaz ishlab chiqarish 2017–2019-yillarda 56-60 mlrd metr kub oralig‘ida edi. So‘nggi ikki yillda bu ko‘rsatkich 41 mlrd metr kubgacha pasayib, 2025-yilda 42,3 mlrd metr kubni tashkil qildi. 

Biroq, O‘zbekiston-2030 strategiyasida 2025-yilda qazib olingan gaz hajmi 41,7 mlrd metr kub bo‘lgani ko‘rsatilgan. 

rasm

Strategiya bo‘yicha kelgusi yillarda gaz qazib olish quyidagidek bo‘lishi kutilmoqda (metr kubda):

2027-yil — 42,9 mlrd (+6,7 foiz);

2028-yil — 44,5 mlrd (+3,7 foiz);

2029-yil — 45,5 mlrd (+2,2 foiz);

2030-yil — 48,5 mlrd (+6,6 foiz).

Shunga qaramay, 2030-yilga kelib ham gaz qazib olish hajmi 2019-yilgi yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashmaydi. O‘shanda mamlakatda 60 mlrd metr kubdan oshiq gaz ishlab chiqarilgandi. 

Aslida gaz qazib olish ko‘rsatkichini yanada ko‘paytirish reja qilingandi. 2023-yilgi O‘zbekiston-2030 strategiyasida qazib olish hajminini yana 60 mlrd metr kubdan oshirish vazifasi qo‘yilgandi. 

Mamlakatda iqtisodiy o‘sish va sanoat rivojlanishi fonida gazga bo‘lgan ehtiyoj mahalliy ishlab chiqarish orqali qondirilmadi. Bu esa import oshib, eksport nolga tushib qolishiga olib keldi. 


Теглар

Фозил Қамбаров

Фозил ҚамбаровМақолалар сони: 126

Барчаси

Мавзуга оид