O‘zbekistonda 2000 ga yaqin dorining narxi pasaytirildi

Бугун 17:152 дақиқа

2026 yil 1-martdan retsept bilan beriladigan qariyb 2000 nomdagi dori vositalarining chakana narxi arzonlashtirildi.

O‘zbekistonda 2000 ga yaqin dorining narxi pasaytirildi

2026 yil 1-martdan boshlab retsept asosida beriladigan qariyb 2000 nomdagi dori vositalarining chakana narxlari pasaytirildi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, iste’molchilar dori vositalarini xarid qilishdan oldin ularning belgilangan referent, ya’ni cheklangan narxlarini maxsus raqamli platformalar orqali tekshirib olishlari mumkin. Buning uchun pharm.gov.uz sayti hamda «PharmUz» mobil ilovasidan foydalanish tavsiya etilmoqda.

Mazkur xizmatlar orqali foydalanuvchilar dori vositalarining nomi, ishlab chiqaruvchisi va belgilangan chakana narxi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bu esa dorixonalarda dori vositalarining sun’iy ravishda qimmat narxda sotilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Agar iste’molchilar dori vositasi belgilangan referent narxdan yuqori bahoda sotilayotganini aniqlasa, «PharmUz» mobil ilovasining «Shikoyatlar» bo‘limi orqali murojaat qoldirish imkoniyatiga ega. Kelib tushgan murojaatlar vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqilib, qonunbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda tegishli choralar ko‘riladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday murojaatlar dori vositalari narxini sun’iy ravishda oshirib sotish holatlarini tezkor aniqlash hamda bozorni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi dorixonalarga belgilangan referent narxlarga qat’iy rioya qilish talabi qo‘yilgan. Agar dorixonalar dori vositalarini cheklangan narxdan yuqori bahoda sotgani aniqlansa, bu litsenziya talablarini buzish deb baholanishi va amaldagi qonunchilikka muvofiq litsenziyaning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид