O‘zbekistonda 5 ta yangi sel-suv ombori barpo etiladi

Suv ta’minotini yaxshilash, sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish va qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish maqsadida 2027 yildan boshlab 5 ta sel-suv ombori qurilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda 5 ta yangi sel-suv ombori barpo etiladi © inbusiness.kz.

Prezidentning «Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, yangi omborlar suv resurslarini to‘plash va mavsumiy suv tanqisligini yumshatishga xizmat qiladi. Hujjatda mazkur infratuzilma loyihalarini 2027 yildan Samarqand, Toshkent va Jizzax viloyatlarida amalga oshirish belgilangan.

Quriladigan sel-suv omborlari orqali Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish imkoniyati ham yaratiladi.

Kim tomonidan moliyalashtiriladi?

Qarorga muvofiq, loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Ayrim obyektlarni moliyalashtirishda «Agrobank» ATB mablag‘lari va xususiy investorlar ishtirok etadi. Bu suv infratuzilmasiga xususiy sektorni keng jalb qilish imkonini beradi.

Hujjatda sel-suv omborlari atrofida turistik va rekreatsion hududlar tashkil etish ham nazarda tutilgan. Shuningdek, baliqchilikni rivojlantirish va qo‘shimcha daromad keltiruvchi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Yangi omborlar nafaqat suv zaxiralarini ko‘paytirish, balki qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va hududlarda iqtisodiy faollikni kengaytirishga ham xizmat qilishi mumkin.

Sel suvlaridan foydalanish imkoniyati

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham muhokama qilingan edi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida qisqa muddatli kuchli yomg‘irlar soni ortib borayotgani sel xavfini kuchaytirmoqda.

Hozirda mamlakatda sel xavfi yuqori bo‘lgan 60 ta yirik soy orqali har yili 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu suvdan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish mumkin.

Davlat rahbari suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sel xavflarini kamaytirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab berdi.

Теглар