O‘zbekistonda go‘sht narxi o‘smoqda: import qisqarishi bozorga qanday ta’sir qildi?

Бугун 20:503 дақиқа

Ayni vaqtda import hajmlari qisqarib, O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan taqqoslaganda ham eng qimmat bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda go‘sht narxi o‘smoqda: import qisqarishi bozorga qanday ta’sir qildi?

O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari narxi o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bankning narxtahlil.uz platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20–26-may kunlari respublika bo‘yicha mol va qo‘y go‘shti narxlarida navbatdagi qimmatlashuv kuzatilgan.

Hisobotga ko‘ra, bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha chakana narxi bir haftada 121 ming 40 so‘mdan 121 ming 762 so‘mgacha ko‘tarilib, 0,6 foizlik o‘sish qayd etilgan. Hududlar kesimida eng yuqori qimmatlashuv Surxondaryo viloyatida kuzatilib, narxlar 1,75 foizga oshib, o‘rtacha 123 ming 599 so‘mga yetgan.

Qo‘y go‘shti bozorida ham o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Respublika bo‘yicha o‘rtacha narx 132 ming 379 so‘mdan 132 ming 880 so‘mgacha ko‘tarilgan. Eng yuqori o‘sish Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, narxlar bir hafta ichida 1,31 foizga oshgan.

1-iyun holatida Toshkent shahridagi «Eski juva» dehqon bozorida mol go‘shtining ulgurji narxi 75 ming so‘mdan 106 ming so‘mgacha bo‘lgan oraliqda shakllangan. Qo‘y go‘shtining ulgurji narxi esa 90 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha yetmoqda.

Korzinka supermarketlar tarmog‘ida esa go‘sht mahsulotlari turiga qarab, 125 ming 990 so‘mdan 205 ming 990 so‘mgacha belgilangan.

Import qisqarmoqda

Go‘sht bozoridagi narx bosimi import hajmlaridagi o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilishicha, 2026 yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonga jami 320,6 mln dollarlik (taxminan 3,85 trln so‘mlik) go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1 mln dollarga (taxminan 217,2 mlrd so‘mga) kam.

Import tarkibida asosiy ulush qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. Besh oy davomida mamlakatga 49,9 mln kilogramm qoramol go‘shti olib kirilgan bo‘lib, uning qiymati 239,2 mln dollarni (taxminan 2,87 trln so‘mni) tashkil etgan. Bir yil avval esa 66 mln kilogramm qoramol go‘shti import qilingan edi.

Qo‘y go‘shti importi ham qisqargan. Hisobot davrida 9,2 mln kilogramm qo‘y go‘shti import qilinib, buning uchun 26,4 mln dollar (taxminan 316,8 mlrd so‘m) sarflangan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida 11,1 mln kilogramm qo‘y go‘shti 14 mln dollarga (taxminan 168 mlrd so‘mga) olib kelingan.

Natijada qo‘y go‘shti importi hajmi qariyb 17 foizga kamaygan bo‘lsa-da, uni xarid qilish uchun sarflangan mablag‘ deyarli ikki barobarga oshgan. Bu tashqi bozorlarda qo‘y go‘shti narxlari sezilarli qimmatlashganini ko‘rsatadi. Qoramol go‘shti importida esa ham hajm, ham qiymat bo‘yicha pasayish kuzatilgan.

Markaziy Osiyoda narxlar qanday?

Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘istonda mol go‘shtining o‘rtacha narxi 7,6 dollar yoki 91 200 so‘m tashkil etadi. Qirg‘izistonda mol go‘shtining o‘rtacha narxi bir kilogramm uchun 6,5 dollar (taxminan 107,1 ming so‘m) atrofida shakllangan. Tojikistonda esa bir kilogramm go‘shtning o‘rtacha qiymati 10–11 dollar yoki taxminan 120–132 ming so‘mga yetgan. Shu tariqa, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistonda go‘sht narxi anchayin yuqori shakllangan.

«Go‘sht ko‘pchilik uchun hashamatga aylanmoqda»

Jurnalist Ilyos Safarov mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, muammoning asosiy sabablari va ehtimoliy yechimlari haqida fikr bildirdi.

Safarovning ta’kidlashicha, bugungi kunda go‘sht mahsulotlari ko‘plab oilalar uchun kundalik iste’mol mahsulotidan ko‘ra qimmatbaho mahsulotga aylanib bormoqda.

«5–6 kishilik o‘rtacha oilaning haftasiga xarid qilayotgan 1–1,5 kilogramm go‘shti inson organizmi uchun zarur bo‘lgan minimal oziqlanish me’yorlarini ham to‘liq qoplamaydi. Bu holat uzoq muddatda aholi salomatligi va kelajak avlodlar sog‘lig‘i uchun ham xavf tug‘dirishi mumkin», deydi u.

Umuman olganda, raqamlar go‘sht bozoridagqimmatlashuv vaqtincha emasligini ko‘rsatadi. Agar taklifni oshirish va chorvachilikdagi tizimli masalalarni hal qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmasa, narxlar bosimi kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.

Maftuna Yaxshilikova tayyorladi

Теглар

Мавзуга оид