Logo

O‘zbekistonda kelgusi 12 oydan so‘ng asosiy stavka 13 foiz atrofida bo‘lishi mumkin —ekspertlar

Moliya bozori ekspertlari inflatsiyaning bosqichma-bosqich pasayishini va navbatdagi boshqaruv yig‘ilishidan so‘ng asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolishini prognoz qilmoqda.

O‘zbekistonda kelgusi 12 oydan so‘ng asosiy stavka 13 foiz atrofida bo‘lishi mumkin —ekspertlar © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank tomonidan 2026 yil may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, moliya sohasi vakillarining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari yanada yaxshilangan.

Tadqiqotda jami 41 nafar ekspert ishtirok etgan bo‘lib, ularning 71 foizi tijorat banklari, 22 foizi mikromoliya tashkilotlari va 7 foizi boshqa moliya institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun inflatsiya bo‘yicha o‘rtacha kutilma 7,2 foizni tashkil etdi. Bu aprel oyidagi 7,5 foizlik ko‘rsatkichdan past. Kelgusi uch yillik davr uchun inflatsiya bo‘yicha kutilmalar ham 5,7 foizdan 5,4 foizga tushgan.

Ekspertlar fikricha, mazkur tendensiya inflatsiyaning Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajaga yaqinlashayotganini anglatadi.

Inflatsiya maqsadiga ishonch ortmoqda

So‘rov ishtirokchilarining 51 foizi inflatsiya darajasi 5 foizlik maqsadga 2027–2028 yillarda erishilishini prognoz qilgan. Bu ko‘rsatkich aprel oyida 48 foizni tashkil etgan edi.

Mutaxassislar inflatsiyaning pasayishi bilan birga pul-kredit siyosatidagi barqarorlik ham saqlanib qolishini kutmoqda.

Asosiy stavka o‘zgarmasligi mumkin

Ekspertlarning 80 foizdan ortig‘i Markaziy bankning navbatdagi boshqaruv yig‘ilishidan keyin asosiy stavka 14 foiz darajasida saqlanib qolishini taxmin qilmoqda.

Shu bilan birga, kelgusi 12 oy ichida asosiy stavka 13 foiz atrofiga tushishi mumkinligi prognoz qilingan.

Iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atda saqlanadi

So‘rov natijalari iqtisodiy faollik bo‘yicha ham ijobiy kutilmalar shakllanganini ko‘rsatdi. Ekspertlar joriy va kelgusi yillarda real yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6,4 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.

Nominal ish haqi o‘sishi esa 2026 yilda 13,3 foiz, 2027 yilda 12,8 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilingan.

Umuman olganda, moliya sohasi ekspertlari baholarida inflatsiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, pul-kredit siyosatida barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning mustahkam saqlanishiga nisbatan ishonch kuchayib borayotgani namoyon bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид