O‘zbekistonda kreditlar nega qimmatligicha qolmoqda?
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda kredit stavkalari nima uchun yuqoriligicha qolayotganligiga izoh berdi.
© ijtimoiy tarmoqlarOliy Majlis Senatining yalpi majlisida so‘zga chiqqan Markaziy bank raisi depozit va kredit stavkalariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, kreditlarni arzonlashtirish bosqichma-bosqich kechadigan jarayon hisoblanadi va kredit stavkalari inflatsiya darajasi, inflyatsion kutilmalar, resurslar qiymati hamda bank tizimidagi risklar ta’sirida shakllanadi. Shuningdek, depozitlarning yuqori stavkalari kreditlar narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Depozitlar 43 foizga oshgan
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining milliy valutadagi muddatli depozitlari o‘tgan yil davomida 43 foizga o‘sib, 330 trln so‘mga yetgan. Bu esa yuqori real daromadlilik aholini jamg‘arishga rag‘batlantirayotganini ko‘rsatadi.
Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bankning asosiy maqsadi depozit stavkalarini emas, balki inflatsiya va inflyatsion kutilmalarni pasaytirishdan iborat.
Uning fikricha, yuqori real foiz stavkalari aholining iste’mol xarajatlarini cheklab, inflyatsion bosimni yumshatishga xizmat qiladi.
Kreditlar qachon arzonlashadi?
Markaziy bank rahbari kredit resurslarining arzonlashishi uchun birinchi navbatda inflatsiya barqaror ravishda pasayishi kerakligini ta’kidladi. So‘nggi yillarda inflatsiyaning sekinlashishi, milliy valutadagi jamg‘armalarning ko‘payishi va banklarning resurs bazasi kengayishi ijobiy omil sifatida qayd etildi. Biroq bu jarayon tez kechmasligi aytildi.
Shu bilan birga, Markaziy bank bank tizimini transformatsiya qilish, kapital bozorini rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish hamda raqamli yechimlar va risk-menejment tizimlarini takomillashtirish orqali kreditlar qiymatini pasaytirishga erishmoqchi.
Regulyator fikricha, inflatsiya pasayib, depozitlar bo‘yicha nominal stavkalar tushganidan keyin kredit stavkalarida ham sezilarli pasayish kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda mijozlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar reytingi e’lon qilib borilishi haqida xabar berilgandi.





