O‘zbekistonda pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi belgilanmoqda: qonun ikkinchi o‘qishdan o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 14 yoshga to‘lmagan bolaning nomusiga tekkanlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
© Фото: Kun.uzOliy Majlis Qonunchilik palatasida 14 yoshga to‘lmagan bolaning nomusiga tekkanlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosini belgilovchi, shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qilindi.
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligidagi yangi normalar
«Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan va 29-sentabr kuni birinchi o‘qishdan o‘tgan hujjatning ikkinchi o‘qishga tayyorlangan variantida jazo choralari yanada qat’iylashtirildi. Unga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi aniqlashtirildi.
Shuningdek, quyidagi yangi tartib va cheklovlar joriy etilmoqda:
• Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid qoidalarni qo‘llash cheklanadi.
• Voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda.
• Jinsiy zo‘ravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartiblari Jinoyat-protsessual kodeksida mustahkamlandi.
• Voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiy etib belgilandi.
• Vasiylik va homiylik organi vakilining jarayondagi ishtirokiga oid qoidalar takomillashtirildi.
Bundan tashqari, bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotdan himoya qilish va bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha ham normalar kiritildi.
Namangandagi holat va jamoatchilik munosabati
Qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha muhokamalar Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka oid holat fonida kechmoqda.
12-sentabr kuni tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, bog‘cha xodimi K.M. ushlangan va unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qizchaning onasi ma’lum qilishicha, taxmin qilinayotgan zo‘ravonlik bir necha bor sodir etilgan bo‘lishi mumkin va bola hodisadan so‘ng bog‘cha yonidan o‘tishdan ham qo‘rqadigan darajada qattiq stressga tushgan.
Mazkur voqea yuzasidan 27-sentabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, jinoyatda faqatgina zo‘ravonlar emas, balki atrofdagi mas’ullar ham javob berishi shart.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.
«Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi. Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagan, shu bois javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz... Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi. Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanadi», — deb ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.



