Logo

O‘zbekistonda uchta bank 40 mln dollarlik obligatsiya chiqarmoqda

Бугун 16:482 дақиқа

«Asia Alliance Bank», «Universal Bank» va «Poytaxt Bank» mahalliy kapital bozorida dollardagi obligatsiyalar orqali jami 40 mln dollar jalb qilmoqda. Obligatsiyalarning yillik daromadliligi 7–8,5 foiz, muomala muddati esa 1-yildan 3-yilgacha etib belgilangan.

O‘zbekistonda uchta bank 40 mln dollarlik obligatsiya chiqarmoqda

«Asia Alliance Bank», «Universal Bank» va «Poytaxt Bank» mahalliy kapital bozori orqali AQSH dollarida jami 40 mln dollar jalb qilishga kirishdi.

Ular orasida «Asia Alliance Bank»ning 20 mln dollarlik emissiyasi xorijiy valutada nominallangan korporativ obligatsiyalar orasida birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bank har biri 100 dollarlik 200 ming dona obligatsiya chiqaradi. Ularning muomala muddati uch yil, yillik kupon daromadliligi 7 foizni tashkil etadi. Foizlar har chorakda to‘lanadi.

«Universal Bank» 10 mln dollarlik obligatsiyalar chiqaradi. 100 dollar nominal qiymatdagi 100 ming dona qimmatli qog‘oz ikki yil muddatga mo‘ljallangan. Yillik daromadlilik 8,5 foiz bo‘lib, kupon har 90 kunda to‘lanadi.

«Poytaxt Bank» ham 10 mln dollarlik emissiyani tasdiqlagan. Bank 100 ming dona obligatsiyani ochiq obuna orqali joylashtiradi. Ularning muomala muddati 365 kun, yillik stavkasi 8,5 foiz. Foizlar 12 ta oraliq davrga bo‘lingan holda hisoblanadi. Emissiya uchun alohida ta’minot ko‘zda tutilmagan.

Ma’lumot uchun, dollarda obligatsiyalarni mahalliy bozorda chiqarish imkoniyati 2025-yil 18-dekabrdagi prezident farmoni bilan yaratilgan.

Keyinchalik bunday qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish tartibi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida belgilab berildi. Unga ko‘ra, bir emitentning muomaladagi xorijiy valutada nominallangan obligatsiyalari umumiy hajmi 50 mln dollardan oshmasligi kerak.

Yangi instrument banklarga dollar resurslarini omonatlar va tashqi qarzlardan tashqari, mahalliy kapital bozori orqali ham jalb qilish imkonini beradi.

Bu bozorda investorlar uchun ham yangi imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Ular mablag‘ini so‘mdagi qimmatli qog‘ozlarga emas, nominal qiymati va kupon daromadi AQSH dollarida hisoblanadigan obligatsiyalarga joylashtirishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид