O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli tarixiy rekordni yangiladi
13-iyul kuni O‘zbekistonda bir sutkalik elektr energiyasi iste’moli 278,6 mln kWh'ga yetib, yozgi mavsum uchun yangi rekord o‘rnatdi. Energetika vazirligi jazirama sabab yaqin kunlarda bu ko‘rsatkich yana oshishi mumkinligini ma’lum qildi.
© kapital.kzO‘zbekistonda 13-iyul kuni yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni mamlakatda 281,5 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Sutkalik iste’mol esa 278,6 mln kWh'ni tashkil etgan. Bu yozgi mavsumda kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Yangi natija avvalgi rekorddan 6 mln kWh'ga yoki 2,2 foizga yuqori. Bungacha eng katta yozgi iste’mol 2025 yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda bir sutkada 272,6 mln kWh elektr energiyasi sarflangan edi.
Energetika vazirligi havo harorati yuqori saqlanib qolayotgani sabab yaqin kunlarda elektr energiyasi iste’moli va energetika tizimi yuklamasi bo‘yicha yana yangi rekordlar qayd etilishi mumkinligini bildirdi.
Yuqori yuklama sharoitida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan. Hududlarda maxsus avariya-ta’mirlash brigadalari navbatchilik asosida ishlamoqda.
Ularning vazifasi elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va ta’minotdagi uzilishlarning davomiyligini minimallashtirishdan iborat.
Uzilishlar kuzatilishi mumkin
Energetika vazirligi ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi texnik nosozliklar sabab vaqtinchalik elektr uzilishlari kuzatilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunday holatlarda fuqarolar 1154 qisqa raqami, hududiy elektr ta’minoti korxonalari yoki mahallalardagi Telegram guruhlari orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari mumkin.
Shuningdek, vazirlik aholini elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirdi. Ayniqsa, eng yuqori yuklama soatlarida zarur bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish elektr tarmoqlariga tushadigan bosimni kamaytirishi, ta’minot barqarorligini saqlash va ehtimoliy uzilishlarning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi issiq kunlarda O‘zbekistonda elektr iste’moli sutkasiga 280 mln kWh'ga yetishi mumkinligini prognoz qilgandi.





