O‘zbekistondagi birinchi kichik atom reaktori 2029-yil oxirida ishga tushirilishi mumkin
«O‘zatom» agentligiga ko‘ra, mamlakatdagi birinchi kichik modulli atom reaktorini texnik ishga tushirish 2029-yilning oktabr–noyabr oylariga rejalashtirilgan. Ilk reaktordan so‘ng qolgan qurilmalar ham bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
© Foto: Alibaev.PolitikaO‘zbekistonda qurilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini texnik ishga tushirish 2029-yilning oktabr–noyabr oylarida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi («O‘zatom») direktori Azim Axmedxo‘jayev Alibaev.Politika YouTube loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, birinchi reaktor ishga tushirilganidan keyin olti oy o‘tib ikkinchi reaktorni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2033-yilda mamlakatda birinchi yirik atom reaktorini ishga tushirish, 2034–2035-yillarga kelib esa atom elektr stansiyasi loyihasini to‘liq yakunlash maqsad qilingan.
«Biz atom stansiyasi oddiy bir sanoat zavodi emasligini, bu juda jiddiy yondashuv ekanini tushunamiz. Prezident bizdan, eng avvalo, xalqaro xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilishni talab etmoqda. Shu sababli maydonchamizga XAEA (Xalqaro atom energiyasi agentligi) ekspertlari muntazam ravishda kelishmoqda. Bu yil ikkita missiya rejalashtirilgan», — dedi u.
Agentlik rahbari loyiha belgilangan grafik asosida amalga oshirilayotganini ta’kidlar ekan, atom energetikasi sohasida tezkorlikdan ko‘ra xavfsizlik va sifat ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
«Bu o‘nlab yillar oldinga xizmat qiladigan atom stansiyasidir. Uni standartlarga muvofiq nechog‘li to‘g‘ri barpo etishimizga qarab, uning hayotiy sikli belgilanadi», — deya ta’kidladi Azim Axmedxo‘jayev.
Ma’lum qilinishicha, qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasining umumiy quvvati 2110 MVtni tashkil etadi. Stansiya yiliga 17 mlrd kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston energetika tizimining o‘rnatilgan quvvati taxminan 30 GVtni, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 80 mlrd kVt/soatdan ortiqni tashkil etadi. Shu nuqtai nazardan, bo‘lajak atom elektr stansiyasi umumiy quvvatning 8 foizidan kam qismini tashkil etsa-da, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb beshdan bir qismini ta’minlab berishi mumkin.
«Ya’ni mavjud voqelikda 8 foizlik quvvat 20 foiz energiya ishlab chiqaradi», — dedi u.
Azim Axmedxo‘jayevning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini davom ettirish niyatini bildirgan.
«Ishonchimiz komilki, kichik quvvatli stansiyaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, amaliyotda qo‘llanganidan so‘ng, bizga yanada oldinga harakat qilish vazifasi beriladi. Shu sababli, atom stansiyalari va texnologiyalarini doimiy ravishda rivojlantirib borgan holda, mamlakatimizning umumiy energiya balansida yaxshi va munosib o‘rinni egallaymiz», — dedi «O‘zatom» rahbari.
Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonga AES qanchaga tushishi haqidagi maqolani e’lon qilgandi. Xususan, «O‘zatom» rahbari AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmasligi haqida bayonotlar bilan chiqqan.





