Logo

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan qishloqlar aholisiga Qirg‘iziston fuqaroligi berilmoqda

Бугун 09:002 дақиқа

Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari aholisiga Qirg‘iziston fuqaroligini rasmiylashtirish ishlari boshlandi.

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan qishloqlar aholisiga Qirg‘iziston fuqaroligi berilmoqda © vaqt.uz

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish hamda hududlarni almashish doirasida Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgan Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari aholisiga Qirg‘iziston fuqaroligini rasmiylashtirish ishlari boshlandi. Bu haqda 24.kg nashri Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatiga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hududda aholi bilan tushuntirish uchrashuvlari o‘tkazilib, fuqarolikni olish tartibi va kerakli hujjatlar haqida ma’lumot berilmoqda.

Rasmiylashtirish jarayoni 2026 yil oxirigacha yakuniga yetishi kutilmoqda. Fuqarolik olingach, qishloq aholisiga yangi Qirg‘iziston pasportlari beriladi va ular mamlakatning barcha huquq hamda ijtimoiy kafolatlaridan to‘liq foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Chegara almashinuvi va yangi yo‘l loyihasi

Eslatib o‘tamiz, Cho‘ng‘ara va Toshtepa (Tash-Dөbө) qishloqlari avval O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan. Ushbu ikki qishloqda jami 2500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi va ularning aksariyatini etnik qirg‘izlar tashkil etadi.

Mazkur aholi punktlarining Qirg‘iziston yurisdiksiyasiga o‘tishi 2026 yilning iyun oyi oxirida — davlat chegarasini demarkatsiya qilish va chegara hududlarini almashish jarayoni yakunlanganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.

O‘zaro kelishuvga asosan, buning evaziga Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga maydoni jihatidan teng bo‘lgan yer uchastkalarini topshirgan.

Shuningdek, chegara almashuvi doirasida Say va Tayan qishloqlari orasida yangi avtomobil yo‘li qurilishi uchun umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan yer uchastkalari almashilgan. Ushbu yangi yo‘nalish Oydarken va Botken o‘rtasidagi masofani 225 kilometrdan taxminan 55 kilometrgacha qisqartirishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari chegarani kesib o‘tgandan keyin 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishi mumkinligi bo‘yicha ham yangi tartib yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Теглар

Мавзуга оид