O‘zbekistonning 14 ta hududida botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etiladi

Бугун 14:552 дақиқа

«Yashil makon» loyihasi doirasida yana 9 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning 14 ta hududida botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etiladi

O‘zbekistonda 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni kamida 100 gektar bo‘lgan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etiladi. Bu haqda 23-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan loyihada ma’lum qilindi.

Mazkur tashabbus «Yashil makon» umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilib, mamlakatdagi yashil hududlar ulushini 2030 yilgacha 14,2 foizdan 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, PM2,5 va PM10 zararli zarrachalar miqdorini 20–25 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, botanika bog‘lari mahalliy va xorijiy o‘simliklarni o‘rganish va ko‘paytirishga xizmat qiladi. Dendrologiya bog‘lari esa daraxt va butalarni iqlimga moslashtirish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashadi. Har bir hududda o‘simlik turlari tanlanishida tuproq va iqlim sharoiti inobatga olinadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 3 ta botanika bog‘i mavjud bo‘lib, yangi loyiha doirasida yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘i tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa mamlakatda ekologik barqarorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Har bir hududda bog‘lar mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga mos ravishda shakllantiriladi. Ular tarkibida oranjereya, ko‘chatxonalar, ko‘llar, sayr yo‘laklari va dam olish hududlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Toshkent Milliy dendrologiya bog‘i

Toshkent shahrida esa alohida 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i barpo etiladi. Unda 50 ming tup daraxt va 100 ming tup butalar ekilishi rejalashtirilgan.

Yangi bog‘ hududida sun’iy ko‘l, sakura bog‘i, «Dunyo daraxtlari» kolleksiyasi, dorivor o‘simliklar maydoni, dam olish va veloyo‘laklar barpo etiladi. Shu bilan birga, zamonaviy ekologik texnologiyalar — quyosh panellari va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilinadi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu bog‘lar shaharlarda havo haroratini 1,5–2 darajaga pasaytirib, namlikni oshiradi va aholi uchun qulay ekomuhit yaratadi.

Теглар

Мавзуга оид