O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari yil boshiga nisbatan 4,52 foizga kamaydi
Naqd valyuta va depozitlar hajmi oxirgi bir oyda 4,58 milliard dollardan 5,9 milliard dollarga yetdi.
© iStockO‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra 64,3 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Yil boshida bu ko‘rsatkich 66,3 milliard dollar, iyul boshida esa 63,76 milliard dollar edi. Demak, avgust oyida xalqaro zaxiralar oldingi oyga nisbatan 0,72 foizga oshgan, 2026-yil boshiga nisbatan esa 4,52 foizga kamaygan.
Shuningdek, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar iyul oyi davomida o‘sishni to‘xtatmadi (7,4 milliard dollar) va 1-avgustga kelib 7,6 milliard dollarni tashkil etdi. Ammo yil boshidagi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda bu 28,3 foizga kam degani. Lekin iyulga nisbatan 2,7 foizga oshgan.
Naqd valyuta va depozitlar hajmi 4,58 milliard dollardan 5,9 milliard dollarga yetgan.
Boshqa markaziy banklar, XVJ va boshqalardagi depozitlar hamda bosh ofisi xorijda joylashgan banklardagi depozitlar ham mos ravishda o‘sishni ko‘rsatgan. Qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishidagi aktivlar esa aksincha, avgustda o‘tgan oyga qaraganda 2,8 milliard dollardan 1,7 milliard dollargacha pasaygan. Bu 1,65 baravar yoki 39,3 foizga kam degani.
Rasmiy zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati ham iyul oyida o‘sishni qayd etgan va joriy avgustga kelib 55,7 milliard dollardan 56,1 milliard dollarga yetgan. Biroq, oltinning sof hajmi bir oy ichida 13,9 million dollardan 13,8 million dollarga kamaygan. Yil boshida 12,6 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkich taxminan 9,5 foizga oshgan.
Rasmiy zaxiralardan tashqari xorijiy valyutadagi boshqa aktivlar ham iyuldagi 102,6 million dollardan 1-avgustda 196,3 million dollargacha ko‘paygan. Bunga asosan rasmiy zaxiralarga kiritilmagan depozitlar hamda oltin miqdorining ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan. SDR (maxsus qarz olish huquqlari) 556,7 million dollardan 572,4 million dollargacha oshgan.
Bankning yozishicha, mamlakatning yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil iyul oyida 0,59 milliard dollarga oshgan.
«Oy davomida oltin narxining 4016,70 dollardan 4052,20 dollargacha o‘sishining ta’siri +0,49 milliard dollarni tashkil etdi», — deyilgan hisobotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning xalqaro zaxiralari 12 milliard dollarga kamaygandi.





