«O‘zmetkombinat»ning sobiq rahbari xalqaro qidiruvga berildi
Yirik miqdordagi davlat mulkini talon-taroj qilishda gumonlanayotgan sobiq rahbarga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi.

«O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining sobiq raisi Dilshod Tursunqulovich Ahmedov xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda «Interpol» bergan e’londa ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq rais O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblanmoqda.
Manbalarga ko‘ra, ayni paytda jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tergov organlari tomonidan kompleks ravishda tekshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil oktabr oyida Axmedov Dilshod «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJ boshqaruv raisi etib tayinlandi. U 2021 yil yanvaridan «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida, 2024 yil yanvardan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Hozirda «O‘zmetkombinat»ni 2025 yil avgust oyiga tayinlangan tadbirkor Bahodir Abdullayev boshqaradi.





