Logo

«Pashinyan 50 foizdan kam ovoz oldi — va bu «mag‘lubiyat»: Kreml Rossiya OAVlariga saylovlar haqida qanday yozishni buyurdi?

Кеча 22:263 дақиқа

Kreml pozitsiyasiga ko‘ra, Armaniston Bosh vazirining «legitimligiga shubha uyg‘otish» uchun saylovdagi qoidabuzarliklar haqida ko‘proq yozish kerak.

«Pashinyan 50 foizdan kam ovoz oldi — va bu «mag‘lubiyat»: Kreml Rossiya OAVlariga saylovlar haqida qanday yozishni buyurdi?

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ma’muriyati davlatga qarashli va hukumatga sodiq OAVlarga o‘z materiallarida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi saylovlarda 50 foizdan kam ovoz olganini ta’kidlashni «tavsiya qildi». Bu haqda «Meduza» Kremlga sodiq yirik OAVlardan birining xodimiga tayanib, xabar berdi.

OAV xodimlariga saylov natijalarini Pashinyanning «mag‘lubiyati» sifatida taqdim etish ko‘rsatmasi berilgan va aynan shu so‘zdan foydalanish tavsiya qilingan. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti ma’muriyatining siyosiy bloki Pashinyanning «legitimligiga shubha uyg‘otish» maqsadida saylovlarda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarga urg‘u berishni «tavsiya qilmoqda».

Armaniston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Fuqarolik shartnomasi» saylov yakunlari bo‘yicha 49,81 foiz ovoz to‘pladi. Pashinyan partiyasi parlamentdagi 105 o‘rindan 61 tasini qo‘lga kiritdi.

Rossiya telekanallarida saylovlar haqida qanday gapirildi


Pervыy kanal: «Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 50 foizga sal yetmaydigan ovoz to‘plamoqda, ammo hukumatni yakka o‘zi shakllantirish huquqini qo‘lga kirityapti».


«Rossiya 1»: «Armaniston MSK ovozlarni sanashni yakunladi, hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 50 foizdan kam ovoz oldi, muxolifat esa, misli ko‘rilmagan bosimlarga qaramay, jami 40 foizga yaqin — bu bosh vazir Nikol Pashinyan siyosatiga qarshi 460 ming ovoz deganidir».


NTV: «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 49 foizdan ortiq ovoz to‘plamoqda».

Davlat agentliklari va hukumatga sodiq boshqa OAVlar saylovlar haqida qanday yozdi

RIA Novosti: Saylov natijalari haqidagi xabar «Pashinyan partiyasi Armanistondagi saylovlarda 50 foiz ovoz to‘play olmadi» sarlavhasi ostida chiqdi. Keyinroq agentlik saytidagi asosiy xabar «Armaniston hukumati saylovlarni o‘tkazish tartiblarini qo‘pol ravishda buzdi, dedi Zaxarova» nomli maqolaga o‘zgardi.


RIA Novosti shuningdek, «Yerevanda ko‘plab saylovchilar saylov natijalaridan hafsalasi pir bo‘lgani», MDH Parlamentlararo assambleyasi esa «saylovlardagi og‘ir muhit haqida gapirib bergani» haqida yozdi. Saylov byulletenlarini qayta ishlash jarayoni davomida davlat agentligi «saylovlarda Pashinyan partiyasining ustunligi qisqargani», keyin esa «pasayishda davom etgani» haqida xabar berib bordi.


Bundan tashqari, RIA Novosti agentlik sharhlovchisi Irina Alksnis tomonidan yozilgan «Nikol Pashinyanning pirr g‘alabasi» (juda katta yo‘qotishlar evaziga erishilgan g‘alaba) nomli maqolani e’lon qildi.

TASS: Saylov yakunlari haqidagi xabar «Armaniston MSK: Pashinyan partiyasi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 49,81 foiz ovoz oldi» sarlavhasi bilan chiqdi.


Bundan tashqari, agentlik quyidagi xabarlarni e’lon qildi: «Peskov: Rossiya Armanistondagi saylovlardagi ko‘plab qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni ko‘rmoqda».


«Zaxarova: Armanistondagi saylovlar muxolifatga bosim o‘tkazish fonida o‘tdi».


«Zaxarova: Armanistondagi kampaniya davomidagi ta’qiblar RF bilan aloqani saqlab turganlarga qaratildi».
«Ekspert Ovannisyan: Pashinyan partiyasi konstitutsiyaviy ko‘pchilikka erisha olmadi».


«MDH Parlamentlararo assambleyasida Armanistondagi saylovlar davomida hibsga olishlar ko‘p bo‘lgani qayd etildi».


Shu bilan birga, TASS «Pashinyan partiyasi vazirlar mahkamasini yakka o‘zi shakllantirish huquqini qo‘lga kiritdi. Armanistondagi saylov yakunlari» sarlavhasi ostida sharhli materialni ham e’lon qilgan.

«Interfaks»: Agentlik saylov yakunlarini quyidagi xabar bilan sarhisob qildi: «Pashinyan partiyasi Armanistondagi saylovlarda 100 foiz ovozlar sanab chiqilgach 49,81 foiz to‘pladi». «Interfaks» shuningdek, Kreml Armanistondagi saylovlar davomidagi qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni qayd etayotgani haqida yozdi.

«Vedomosti»: «Armanistondagi saylov yakunlari: Pashinyan partiyasi 50% dan kam ovoz oldi».
«Kreml Armanistondagi saylovlardagi qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni qayd etmoqda».

RBK: Nashr saytida sarlavhasida saylov g‘olibi umuman ko‘rsatilmagan material chiqdi: «Armanistondagi parlament saylovlari yakunlari. Asosiylari». Moskva vaqti bilan soat 15:00 holatiga ko‘ra, RBK saytidagi bosh xabar «Moskva Armanistondagi saylovlarda demokratik tamoyillar buzilganini ma’lum qildi» sarlavhasi ostida turdi.

Теглар

Мавзуга оид

«Pashinyan 50 foizdan kam ovoz oldi — va bu «mag‘lubiyat»: Kreml Rossiya OAVlariga saylovlar haqida qanday yozishni buyurdi? | Vaqt.uz