Logo

Payme yarim yilda 206 mlrd so‘m foyda oldi

Бугун 18:472 дақиқа

Kompaniya daromadini 50,6 foizga oshirgan bo‘lsa-da, sof foyda o‘sishi 23,6 foizni tashkil etdi. Ikkinchi chorakning o‘zida esa tushum ko‘payishiga qaramay, foyda biroz kamaygan.

Payme yarim yilda 206 mlrd so‘m foyda oldi © Фото: Евгений Сорочин / Spot

Payme to‘lov tashkiloti 2026 yilning birinchi yarmida 205,9 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu kompaniyaning moliyaviy hisobotida keltirilgan.

Kompaniya foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,4 mlrd so‘mga yoki 23,6 foizga ko‘paygan. 2025 yilning birinchi yarmida Payme 166,6 mlrd so‘m foyda olgandi.

Daromad esa foydaga qaraganda ikki barobardan tezroq o‘sdi. 6 oyda Payme’ning sof tushumi 50,6 foizga ko‘payib, 492,7 mlrd so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 327,1 mlrd so‘m bo‘lgan.

Biroq daromadning tezroq o‘sishi kompaniya foyda marjasining pasayishiga olib keldi. Payme 2025 yilning birinchi yarmida tushgan har 100 so‘m daromadning qariyb 51 so‘mini sof foyda sifatida saqlab qolgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 41,8 so‘mgacha tushgan.

Bunga, birinchi navbatda, xizmatlar tannarxining daromaddan tezroq o‘sishi ta’sir qilgan. Tannarx 84,2 foizga ko‘payib, 159,4 mlrd so‘mga yetdi. Natijada yalpi foyda 38,6 foizga o‘sib, 333,3 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Payme’ning bu davrdagi xarajatlari 29 foizga oshib, 115,1 mlrd so‘mga yetdi. Bunda sotish xarajatlari 77,7 foizga ko‘payib, 60,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ma’muriy xarajatlar esa aksincha, 33,8 foizga kamayib, qariyb 24 mlrd so‘m bo‘lgan.

Natijada kompaniyaning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 44,2 foizga o‘sib, 218,2 mlrd so‘mga yetdi.

Foyda solig‘i xarajatlari ham 2,7 mlrd so‘mdan 19,7 mlrd so‘mgacha oshgan. Shu sababli soliq to‘langunga qadar foyda 33,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, sof foyda o‘sishi 23,6 foiz bilan cheklangan.

Ikkinchi chorakda foyda kamaydi

Hisobotdagi ko‘rsatkichlar yil boshidan hisoblangan. Birinchi chorak natijalarini ayirib tashlaganda, Payme aprel—iyun oylarida 262,6 mlrd so‘m daromad va 101,9 mlrd so‘m sof foyda olgani ma’lum bo‘ladi.

Daromad birinchi chorakka nisbatan 14,1 foizga ko‘paygan. Sof foyda esa 2,1 mlrd so‘mga yoki 2 foizga kamaygan. Natijada choraklik sof foyda marjasi 45,2 foizdan 38,8 foizgacha tushgan.

Bunda ikkinchi chorakdagi foyda solig‘i xarajatlari 17,8 mlrd so‘mni tashkil etgan. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich atigi 1,9 mlrd so‘m edi.

Payme butun boshli 2025 yilda 390,1 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Kompaniya iyul oyida uning 380 mlrd so‘mini yoki 97,4 foizini dividendga yo‘naltirishga qaror qildi.

Taqqoslash uchun, 2025 yili Payme raqobatchilari Paynet 395,1 mlrd so‘m (+40,3 foiz) va Click 375,8 mlrd so‘m (+27,3 foiz) foyda olgandi.

Payme to‘lov tashkiloti TBC Uzbekistan ekotizimining bir qismi hisoblanadi. TBC Group to‘lov tashkilotini 2023 yili to‘liq sotib olgandi.

O‘shanda TBC Payme’ning 49 foiz ulushi uchun 55,7 mln dollar to‘lagandi. Qolgan 51 foizlik ulush esa 2019 yili xarid qilingan.

Теглар

Мавзуга оид

Payme yarim yilda 206 mlrd so‘m foyda oldi | Vaqt.uz