Prezident matbuot kotibi bo‘lgan, kitob yozgan, suiqasdga uchragan Komil Allamjonov 41 yoshda
18.09.2025 | 23:209 дақиқа
Bugun, biznesmen, sobiq siyosatchining faoliyat yo‘lini bir eslab o‘tamiz.

O‘z faoliyatini televideniyadan boshlab, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimigacha borgan Komil Allamjonov bugun, 18 sentyabr kuni 41 yoshni qarshi oldi. U 1984 yilda Toshkentda tug‘ilgan, O‘zbekistondagi yosh va juda ko‘p muhokamalar markazida bo‘lgan siyosatchi hisoblanadi.
Komil Allamjonov 2006 yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini, 2010 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005–2013 yillarda Soliq qo‘mitasida ishlagan. U yosh vaqtlaridan mamlakat siyosiy doirasidagi asosiy lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – «Yoshlar» teleradiokanalining «Davr» informatsion ko‘rsatuvida boshlagan. Allamjonov 2005-2013 yillar oralig‘ida Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Keyinchalik, ya’ni 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot kotibi lavozimida ishlagan.
2018 yilda u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori bo‘ldi va 2020 yilda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘lib tayinlandi. Bu uning hayotidagi yana bir muhim bosqich bo‘ldi. O‘shanda mamlakat prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Allamjonovning o‘rinbosari bo‘lgandi. Qayd etish kerak, ayni o‘sha vaqtda ular juda ko‘p yaxshi ishlarni amalga oshira oldi. So‘z erkinligi nisbatan yaxshilandi, «Zakovat» o‘yinlarni qayta, avvalgilardan-da yaxshiroq tarzda jonlandi, kitobxonlik madaniyati shakllarnishida ham hissa qo‘shdi.
O‘shanda Komil Allamjonovning «Allamjonov aybdor» kitobi nashrdan chiqdi. Kitobda hamma narsa haqida ochiqchasiga yozilgan. Ko‘pgina xotiralar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va prezident devoni matbuot xizmatlaridagi ishga bag‘ishlangan.
«Men bu kitobda hali uncha uzun bo‘lmagan umr yo‘limnigina emas, qarashlarimni ham aks ettirishga harakat qildim. Hayotdan hafsalasi pir bo‘lib, o‘ziga ishonchini yo‘qotish katta xato ekanini va u qimmatga tushishini aytmoqchi bo‘ldim. Kitob bugun o‘z yo‘li, o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlarga atab yozildi. Bu dunyoda hamma narsa sotiladi, tanish-bilishsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi, degan safsatalarni yo‘qqa chiqarishga urindim. Ushbu kitob o‘ziga ishonchi yetishmayotganlarga turtki-motivator, oldiga ulkan maqsad va g‘oyalarni qo‘yganlarga dalda, bilim olishga sharoitim yo‘q, deydiganlarga mustaqil o‘qish uchun qo‘llanma», - degan uning o‘zi.
2022 yil iyulda Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va 2024 yil sentyabrgacha shu lavozimda qoldi.
2024 yilning kech kuzida media va siyosat olamida nom qozongan Allamjonov muhokamalar markazida qoldi. 2024 yilning 26 oktyabrida Komil Allamjonovga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Voqea kechqurun, Qibray tumanida sodir bo‘lib, unda Allamjonovning mashinasiga o‘q uzildi. O‘sha kuni unga zarar yetmadi, ammo bu voqea O‘zbekiston siyosat olamida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Chunki bu o‘zbek siyosat olamida tez-tez takrorlanadigan holat emas edi.
Sal avval lavozimidan ozod etilgan va faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgan Allamjonovning hayotiga suiqasd kimga kerak, degan savollar urchidi. Bunga qadar o‘z faoliyatida har doim jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ochiq ishlagan, aholining masalalariga e’tibor qaratib kelgan shaxs bo‘lgan.
Suiqasdga oid jinoyat ishi bo‘yicha 2025 yil fevralda sud xukmi e’lon qilindi. Sudda 10 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilandi. 2025 yilning 12 fevral kunida e’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Prezident xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Shuhrat Rasulovga 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, sobiq IIB xodimi Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil, Shohrux Ahmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berilgan. Ularning shaxsi esa ochiqlanmagan. Mazkur voqealarga nisbatan Komil Allamjonov «Haqiqat ikki bukilsa ham sinmagay» deya munosabat bildirdi.
Ayni vaqtda u faoliyatini o‘zi aytgandek xususiy sektorda davom ettirmoqda. Yaqin kunlarda Saida Mirziyoyeva yonida bir necha bor ko‘rinish bergan bo‘lsa-da u Administratsiyaga qaytgan-qaytmagani, aynan qaysi lavozimda ekani aytilmagan.





