Prezident Samarqandda. Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi
Shavkat Mirziyoyev majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
© prezident.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-may kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos maqbarasida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Majmuaning qayta ochilishi
Ma’lumki, ushbu qadamjo davlat rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan ma’naviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etilgan. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilgan. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlug‘ qadamjoda o‘qidi.
Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida buyuk muhaddis maqbarasini 1 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlar ziyorat qildi.
Prezident topshiriqlari
Prezident majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi ta’kidlandi. Butun mamlakatdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va ma’naviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.





