Prezident temiryo‘llarda xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi

Uning aytishicha, yirik kompaniyalar ham, kichik tadbirkorlar ham ishlab chiqarish va eksportni oshirish uchun temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashni so‘rayapti.

Prezident temiryo‘llarda xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi © Фото: t.me/Press_Secretary_Uz

Endi davlat korxonalari muhandislari importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratsa, tejalgan mablag‘ning 20 foizi ularga mukofot qilib beriladi. Bu haqda bugun, 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Mahalliy ulushni ko‘paytirish kerak

2025 yili xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 2,5 milliard dollarlik shartnomalarda mahalliy kompaniyalarning ulushi bor-yo‘g‘i 15 foizni tashkil qilgan. Yoki davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa, Olmaliq kombinati, «O‘ztransgaz», «Milliy elektr tarmoqlari», «Uzbekistan Airports» va «O‘zbekiston havo yo‘llari»da 40 foizga ham yetmaydi.

Tadbirkorlar «davlat xaridi, ekspertiza, sertifikat olishda byurokratiya ko‘p, idorama-idora yurish kerak» deb aytayotgani, ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari «chet elniki sifatliroq» degan eskicha fikrda yurib, mahalliy tadbirkorlarga yo‘l bermayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bu tizimni tubdan isloh qilish, mahalliy korxonalarni xalqaro moliya institutlari loyihalari va davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi. Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihadagi muzokara, tender, qurilish, xomashyo topishni barcha bosqichida mahalliy ulushni ko‘paytirishga shaxsan javob berishi qayd etildi.

Importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratgan muhandislar mukofotlanadi

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi qaysi korxona nima chiqarayotgani, quvvati, texnik parametri, sertifikati ko‘rinib turadigan platformani ishga tushiradi. Tarmoq rahbarlari va hududiy sanoat shtablari har bir korxona mahsulotini nomma-nom, texnik xususiyati bilan ushbu platformaga kiritadi. Yangi platformada mahalliy mahsulot bo‘la turib, import tovar sotib olgan davlat tashkilotlarida xaridlarning asosli ekanligi o‘rganib boriladi. Davlat kompaniyalari import qilayotgan tovar, ularning hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda ushbu portalda e’lon qilib boriladi.

Tarmoq rahbarlariga import xomashyo va butlovchi qismlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatini chuqur o‘rganish uchun mahalliy va xorijiy konsultantlarni jalb qilish topshirildi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokara o‘tkazib, loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 25-30 foizga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishish muhimligi qayd etildi.

Mahalliy mahsulotlarni ko‘paytirish uchun tashkil qilinadigan alohida jamg‘arma hisobidan mahalliylashtirish loyihalariga 10 yilgacha xorijiy valutada 6 foizli, milliy valutada 12 foiz kredit ajratiladi. Tadbirkorlarga ilg‘or texnologiyalar transferi uchun 1 million dollargacha, sanoat startaplari uchun 1 milliard so‘mgacha kompensatsiya beradi. Endi davlat korxonalari muhandislari importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratsa, tejalgan mablag‘ning 20 foizi ularga mukofot qilib beriladi.
Temiryo‘lda xizmat sifatini yaxshilash topshirildi

Iqtisodiyot yuqori sur’atda o‘sishi uchun transport-logistika tizimi ham shunga mos bo‘lishi kerak. O‘tgan yili jami transport xizmatlaridagi 11 foiz o‘sish asosan avtotransport va havo transporti hisobidan ta’minlandi. Lekin temiryo‘lda yuk aylanmasi bor-yo‘g‘i 3,3 foiz oshgan. Oddiy misol, temiryo‘lda yuk tashishga boshqa davlatlarga nisbatan 3-4 barobar ko‘p vaqt sarflanmoqda. Oqibatda umumiy yuk tashuvlarda temiryo‘lning ulushi 7 foizga ham yetmaydi. Yirik kompaniyalar ham, kichik tadbirkorlar ham ishlab chiqarish va eksportni oshirish uchun temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashni so‘rayapti.

Mutasaddilarga temiryo‘llar sohasida nosohaviy aktivlar, operatsion xarajatlarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni xizmat sifatini yaxshilashga yo‘naltirish topshirildi. Temiryo‘lda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini bu yil kamida 10 foizga oshirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish

«Takror aytaman: ichki bozordagi talabni o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois, bu yil vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish bo‘ladi», – dedi Prezident.

O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetdi. Lekin hali ko‘p rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. To‘qimachilik mahsulotlarimiz 76 ta davlat bozoriga kirib borgan. Lekin eksportning 80 foizi 6 ta davlatga to‘g‘ri keladi.

Tarmoq rahbarlariga bu yil sohada keskin o‘zgarish qilib, ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirish, Yevropa, AQSH va boshqa qimmat bozorlarga kirib borib, eksportni 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Endilikda pilla kooperativi tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Uyida pilla yetishtiradigan ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Pilla yetishtiruvchilarga har bir kilogramm pilla hosili uchun klasterlar to‘laydigan 40 ming so‘mga qo‘shimcha 15 ming so‘mdan subsidiya beriladi, urug‘chilik korxonalari jalb qilgan mavsumiy ishchilar oyligining yarmi kompensatsiya qilinadi.

Endilikda tarmoq rahbarlari va hokimlardan eksportda faqat hajm bo‘yicha emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar bo‘yicha ham so‘rov bo‘lishi aytildi. Hokimlar, ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari elchilar bilan doimiy hamkorlik qilib, qayerda mahsulotga qancha ehtiyoj bor, bu bozorlarga kirish uchun nima talab etilishini o‘rganishi, ishni shunga moslab tashkil qilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

2026 yilda Tunis, Marokash, Senegal, Iroq, Avstraliya, Portugaliya, Gretsiya va Nordik davlatlarda «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmalarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi. «100 ta mahsulot akseleratori» dasturini boshlab, Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlariga eksportni yiliga kamida 25 foizga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident: Go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerak

Yanvar oyida yillik inflatsiya darajasi 7,2 foizni tashkil etdi. Inflatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, 13 foizi go‘sht hisobidan bo‘lgan. Go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajo‘xori ekish boshlanayotgani barcha uchun namuna ekani qayd etildi. Shu bois, bu yil qo‘shimcha 60 ming gektarda bu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Bu qo‘shimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi bo‘ladi.

Mayda shoxli qoramol naslini yaxshilash uchun o‘tgan yil Mo‘g‘ulistondan 100 ming qo‘y va echki olib kelindi. Bu yil ham mazkur ishlar davom ettirilishi belgilandi.

O‘tgan yil 772 ming tonna kartoshka import qilindi. Joriy yilda mutasaddilar, hokimlar 4,5 million tonna kartoshka hosili olishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Теглар

Мавзуга оид

Prezident temiryo‘llarda xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi | Vaqt.uz