Putin: «Moskvaning Yerevanga faqat bitta iltimosi bor»
Rossiya prezidentining aytishicha, Pashinyanni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy kuchlar anchadan buyon G‘arb standartlari tarafdori bo‘lib kelgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Moskva Yerevandan ushbu masala bo‘yicha aniq pozitsiyani imkon qadar tezroq belgilab olishni so‘ramoqda.
«Bosh vazir Pashinyanning o‘zi yaqinda ushbu masala bo‘yicha [Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqida] referendum o‘tkazish zarur deb hisoblashini aytgan edi. Bizda faqat bitta iltimos bor — buni iloji boricha tezroq amalga oshiring», — dedi Rossiya rahbari.
Moskva aniqlik istamoqda
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Moskva armanistonlik hamkasblari qaysi yo‘nalishda harakat qilish niyatida ekanini tezroq bilishdan manfaatdor.
Putin Armanistonning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashish istagini g‘ayritabiiy holat sifatida baholamasligini bildirdi.
Uning qayd etishicha, Pashinyanni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy kuchlar anchadan buyon G‘arb standartlariga o‘tish tarafdori bo‘lib kelmoqda.
Shu bilan birga, Putin referendum natijasidan qat’i nazar, mamlakatlar normal munosabatlarni saqlab qolishini bildirib, har bir suveren davlat o‘z tashqi siyosiy ustuvorliklari va sheriklarini mustaqil tanlash huquqiga ega ekanini ta’kidladi.





