Putin va Ukraina urushi taqdiri

Rossiya iqtisodiyoti bosimi Putinni urushni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi, ammo yangi mojarolar rejani o‘zgartirdi.

Putin va Ukraina urushi taqdiri

2026-yil boshida Rossiya iqtisodiyoti Ukrainadagi urush va G‘arb sanksiyalarining oqibatlarini to‘liq his qila boshladi. Budjet daromadlari kamaydi, ishlab chiqarish pasaydi, tashqi savdo qisqardi (Rossiya Hindistonga neftni barreliga 22 dollardan sotishga majbur bo‘lmoqda — bu bozor narxining qariyb uchdan biri demakdir). Biznesni rivojlantirish deyarli to‘xtab qoldi. Bu haqda jurnalist Mixail Zigar «The New York Times»dagi maqolasida yozgan.

Uning ta’kidlashicha, yaqin vaqtgacha Putin iqtisodiy ahvol yomonlashayotgani haqidagi signallarni e’tiborsiz qoldirib kelayotgan edi. Ammo 2026-yil fevralida u bunga e’tibor qarata boshladi va nizodan chiqish yo‘llari haqida o‘ylab qoldi. Zigarning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH bilan «Ukraina masalasi» bo‘yicha bosh muzokarachini almashtirish muhokama qilingan — Kirill Dmitriyev o‘rniga Putinga yaqin bo‘lgan Igor Sechin kelishi kerak edi. Hatto hukumat almashishi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Biroq «Meduza» manbalarining ta’kidlashicha, Kremlda Ukraina bilan tinchlik shartnomasi tuzish rejasi yo‘q. Xususan, Prezident administratsiyasi sentabrda bo‘lib o‘tadigan Davlat Dumasi saylovlariga urush avvalgi shiddat bilan davom etadi degan g‘oya asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda. 24-mart kuni «Yedinaya Rossiya» saylovoldi kampaniyasining asosiy tezislaridan biri sifatida «Partiyaning saylovdagi ishonchli g‘alabasi frontdagi g‘alabani yaqinlashtiradi» degan g‘oya ilgari surildi.

Ammo AQSH va Isroilning Eronga hujumi tufayli hamma narsa o‘zgarib ketdi. Eron Ormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi, neft narxi ko‘tarildi va dunyo bozorini barqarorlashtirish uchun Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalar vaqtincha yumshatildi. AQSH va uning ittifoqchilari o‘rtasida kelishmovchiliklar kuchaydi — ko‘pchilik Donald Trampning chaqiriqlariga qaramay, Eron bilan urushda ishtirok etishni istamadi. Rossiya-Ukraina urushi siyosiy va media kun tartibida ikkinchi planga o‘tdi. Ukrainaga G‘arbdan keladigan qurollar kamayishi mumkinligi haqida taxminlar bor.

Bundan tashqari, Kreml kuzda AQSH Kongressiga bo‘ladigan saylovlarda Respublikachilar partiyasi mag‘lub bo‘lishini kutmoqda. Bu Trampni zaiflashtiradi va Putinning «Amerika prezidentlari o‘tkinchi, shunchaki yangisi kelishini kutish va qaytadan kelishish mumkin» degan fikrini tasdiqlaydi.

«Biroq, Rossiya rahbariyatiga yaqin odamlar bularning hammasi vaqtinchalik yengillik ekanini tushunishadi. Ular sentabrdagi saylovlarni hayajon bilan kutishmoqda. Hukumat «Telegram»ni taqiqlamoqda va Rossiyani internetdan uzib qo‘yishga harakat qilmoqda. Zigarning fikricha, tez orada Putin tanlov qilishiga to‘g‘ri keladi: yo Ukrainada deeskalatsiyaga rozi bo‘lish, yoki yangi safarbarlikkacha bo‘lgan bosimni yanada kuchaytirish. Uning qaroriga AQSHning Eronga nisbati xatti-harakatlari ham ta’sir qiladi», - deya xulosa qiladi jurnalist.

Теглар

Мавзуга оид