«Qarshilik o‘qi»dagi sukut: husiychilar qayerga g‘oyib bo‘ldi?

10.03.2026 | 23:002 дақиқа

Ekspertlarning fikricha, Tehronning «janubiy qilichi» shunchaki buyruq beruvchi markazsiz falaj holatiga tushib qolgan.

«Qarshilik o‘qi»dagi sukut: husiychilar qayerga g‘oyib bo‘ldi?

AQSH va Isroilning Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvi, oliy rahnamo Ali Xomanaiyning vafoti hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) harbiy qo‘mondonligining yo‘q qilinishi butun «Qarshilik o‘qi» bo‘ylab aks sado bergan hokimiyat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirdi. Bunday og‘ir vaziyatda «Hizbulloh» va iroqlik ittifoqchilar jangga shay turgan bir vaqtda, Yaman husiychilari kutilmaganda «strategik sukut» saqlashni afzal ko‘rdi.

So‘nggi ikki yil ichida xalqaro kema qatnovi va Isroil hududiga mingdan ortiq hujum uyushtirgan husiylar to‘satdan g‘oyib bo‘lishdi. Odatda vaziyatning har bir keskinlashuvini otashin nutqlari bilan qarshi oladigan Abdul-Malik al-Husiy, Xomanaiy  vafoti munosabati bilan bildirilgan rasmiy ta’ziyadan so‘ng boshqa efirga chiqmadi.

Ushbu sukut turli xil taxmin va mulohazalarga sabab bo‘ldi. Yamanlik siyosatshunos Faris al-Baylaning fikricha, bu yerda gap ustamonlik bilan o‘ylangan taktik yurish emas, balki kuchli tizimli shok haqida bormoqda.

«Dastlabki zarbalar ortidan Eron rejimi tushib qolgan inqirozli holat qo‘mondonlik iyerarxiyasini falaj qilib qo‘ydi. Husiylar shunchaki tezkor ko‘rsatmalar olishni to‘xtatdi», — deb qayd etadi ekspert.

1

Harbiy tahlilchi Adnan al-Jabraniy Sanoning ikkilanishini Vashington va Tel Avivning qat’iy ohangi bilan bog‘lamoqda. Donald Tramp va Binyamin Netanyahuning Tehrondagi tuzumni to‘liq o‘zgartirish haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidlari Yaman rahbariyatini o‘z kelajagi va mavjudligi bilan bog‘liq xavflarni qayta baholashga majbur qilgan.

Shunga qaramay, boshqacha yondashuv ham mavjud. Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Ibrohim Jalol husiychilar ataylab zaxirada ushlab turilganini taxmin qilmoqda.

«Tehron o‘zining eng o‘tkir «janubiy qilichini» yakuniy bosqich uchun asrab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Husiychilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq asosida urushga kirishi ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda», — deb ta’kidlaydi u.

Aftidan, «Ansorulloh» harakati ichida ham birdamlikka darz ketgan. Yaman hukumatining Ar-Riyoddagi maslahatchisi Solih al-Bayzaniyning so‘zlariga ko‘ra, Qizil dengizda zudlik bilan hujumlarni boshlashni talab qilayotgan radikal qanot hamda guruhning butunlay yakson etilishidan xavfsirayotgan pragmatiklar o‘rtasida jiddiy ixtiloflar yuzaga kelgan.

2

Xalqaro bosim ham vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. BMTning maxsus vakili Hans Grundberg Sano mintaqaviy mojarolar alangasining garoviga aylanmasligi kerakligi haqida ochiq-oydin ogohlantirish berdi.

Sano tadqiqot markazi eksperti Tofiq al-Jand esa eng shov-shuvli taxminni ilgari surmoqda: uning fikricha, husiylar Eron manfaatlarining bevosita himoyachisi degan tamg‘adan qochish uchun o‘z harakatlarini hamisha «G‘azoni qo‘llab-quvvatlash» shiorlari bilan niqoblab kelishgan.

«Agar Eron va IIMK tiklab bo‘lmas darajada zarar ko‘rsa, Abdulmalik al-Husiy «Qarshilik o‘qi»dagi yetakchilikni o‘z qo‘liga olishga harakat qilishi mumkin», — deb hisoblaydi al-Jand.

Arab ommaviy axborot vositalarida qizg‘in muhokama qilinayotgan ushbu taxmin katta mafkuraviy o‘zgarishdan — shialar qarshilik harakati markazining Tehrondan Yamanning zabt etilmas tog‘lariga ko‘chishidan dalolat beradi.

 

Теглар

Мавзуга оид