Logo

Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlangan to‘rt kishi qo‘lga olindi

Бугун 13:052 дақиқа

Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumanida 23, 22, 21 va 20 yoshli to‘rt nafar yigit voyaga yetmagan qizni Damas’ga mindirib, dalaga olib borib, zo‘rlagan.

Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlangan to‘rt kishi qo‘lga olindi © Ijtimoiy tarmoqlar

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 14 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan to‘rt nafar shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov «Nemolchiuz» so‘roviga javoban ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 2026-yil 7-iyun kuni sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 23, 22, 21 va 20 yoshli to‘rt nafar yigit voyaga yetmagan qizni «Damas» avtomobiliga mindirib, dala hududiga olib borgan va unga nisbatan jinoyat sodir etgan.

Hodisa joyi Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan. Shuningdek, sud-tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.

Holat yuzasidan dastlab 2026-yil 8-iyun kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi, ya’ni 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq tergov davomida to‘plangan dalillar asosida 29-iyun kuni jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib nomusga tegish moddasiga qayta malakalangan.

Shundan so‘ng gumonlanuvchilar Sh.X., D.X., O.N. va D.A.ga ushbu modda bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat nazoratga olingan

IIV ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olingan.

Bolalar ombudsmani ham ushbu holat yuzasidan monitoring olib borayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, voyaga yetmagan S.R ga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan psixologik xizmat ko‘rsatilib, oilaga yuridik va ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda otaning o‘z qiziga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqidagi xabarlar tekshirilayotgani ma’lum qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид