Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmandlarga 690 mlrd so‘mlik ko‘mak ko‘rsatiladi
Bu mablag‘lar hisobidan yetim bolalarning hisobvaraqlariga 200 dollardan mablag‘ tushirib beriladi hamda masjid va qabristonlar obodonlashtiriladi.
© Foto: prezident.uzQurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 690 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan minglab og‘ir bemorlarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi, yetim bolalarning hisobvaraqlariga 200 AQSH dollaridan mablag‘ tushirib beriladi hamda masjid va qabristonlar obodonlashtiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.
Tibbiy yordam va og‘ir bemorlarni davolash
Ajratilayotgan mablag‘larning muhim qismi bemorlarning hayotini saqlab qolish va sog‘lig‘ini tiklashga yo‘naltiriladi. Jumladan, quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
• Og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi;
• Onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan 2,3 ming nafar bemor tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning davolash va jarrohlik xarajatlari qoplanadi;
• Kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish moliyalashtiriladi.
Ijtimoiy himoya va moliyaviy ko‘mak
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, bolalar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli ishlar olib boriladi:
• 8 ming nafardan ziyod yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va Vatan sarhadlarini himoya qilishda qurbon bo‘lganlarning farzandlari uchun ochilgan omonat hisobvaraqlariga 200 dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
• Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga maxsus oziq-ovqat to‘plamlari tarqatiladi.
• Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozilib, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlari o‘tkaziladi.
Infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish
Hayit kunlarida aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida diniy maskanlar infratuzilmasini yaxshilashga ham e’tibor qaratiladi. Unga ko‘ra:
• Respublika bo‘ylab 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar quriladi, rekonstruksiya qilinadi yoki ta’mirlanadi.
• Joylardagi qabristonlarni obod qilish tadbirlari tashkil etiladi.
Mazkur takliflar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, shuningdek, Mahallalar uyushmasi va «Vaqf» fondi tomonidan ishlab chiqilgan. Taqdimot yakunida Prezident mutasaddilarga ushbu tadbirlarni shaffof va aniq manzilli tarzda tashkil etish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi.





