“Real Sanjik” ishi: Dubaydan tobut tahdidi, 700 ming dollarlik zarar va OAVga cheklov

Бугун 13:583 дақиқа

Jabrlanuvchi birinchi sud majlisidagi ko‘rsatuvida Sanjar Karimov va tanishlari bosimi ostida ikkita uyi va o‘g‘lining 7 ta mashinasi sotishga majbur bo‘lganini aytdi. Dalillarda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga o‘g‘lini tobutda ko‘rishi bilan tahdid qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, sud davlat ayblovchisining OAV faoliyatini cheklash to‘g‘risida iltimosnoma qisman qanoatlantirib, jonli efir va videotasvirga olishni taqiqladi.

Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 168-modda 4-qismi a-bandi (Firibgarlik), 273-modda 2-qismida (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi sudya Bahrom Berdiyev raisligida ko‘rib chiqilyapti. Ikki nafar jabrlanuvchi bor.

Birinchi sud majlisida davlat ayblovchisi Qosimov sudga OAV faoliyatini cheklash to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi. Sudya  Bahrom Berdiyev prokurorning iltomosnomasini qisman qanoatlantirib, OAV vakillariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir hamda videotasvirga olishni cheklash haqida ajrim chiqardi. Lekin audio hamda fotomateriallar olishiga ruxsat berildi.

Sud majlisida raislik etuvchi tomonidan e’lon qilingan ayblovlarga iqror yoki iqror emasligi haqida sudlanuvchi Sanjar Karimovga savol berildi. U qo‘yilgan ayblovlarning birortasiga iqror emasligini bildirdi.

Sud tergovida dastlab jabrlanuvchi Shahzod Rismatovning onasi Feruza Rahmatullayevaga so‘z berildi.

Jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatuvida Sanjar Karimov bilan bog‘liq voqealar haqida gapirib, u va tanishlari bosim o‘tkazganini, shu sabab ikkita “dom”i va o‘g‘lining 7 ta mashinasi sotilib ketganini aytdi.

Jabrlanuvchiga ko‘ra, barchasi avgust oyida Karimov tomonidan qo‘yilgan ultimatumdan boshlangan. O‘shanda Karimov jabrlanuvchi Rahmatullayevaga o‘g‘li undan pul olib, uyni garovga qo‘ygani, shu sabab o‘z yerini sotib, qarzni qaytarishini aytib bir hafta vaqt bergan.

Jabrlanuvchi Rahmatullayevaning o‘g‘li o‘sha paytda Dubayda blogerga bog‘liq shaxslar nazorati ostida bo‘lgan. O‘g‘lining hayotidan xavotirlangan ona majbur bo‘lib, ikki xonadonni Karimovga tegishli tuzilmalar nomiga rasmiylashtirib, hech qanday haq olmagan. Qo‘shimcha qilishicha, o‘g‘li bu pullarni amalda ko‘rmagan — mablag‘lar Karimov va uning sheriklari o‘rtasida taqsimlangan.

Yana sotilgan 7ta mashina qo‘shilib, umumiy zarar taxminan 700 ming dollarni tashkil etganini ma’lum qilindi. Qolaversa, Karimov jabrlanuvchining o‘g‘li Rismatovning pasportini olib qo‘yib va amalda uni xorijda garov holatiga tushirib qo‘ygani aytildi.

Rahmatullayevaning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy mojaro tez orada ochiq psixologik bosimga aylangan. Rahmatullayeva sudda Karimov o‘g‘lining Dubayda ekanligidan bosim vositasi sifatida foydalanganini aytdi. Asosiy dalillardan biri sifatida audioyozuvlar keltirilgan, unda ayblanuvchi "o‘g‘lingizning tobutini Dubaydan olib kelaman" deb tahdid qilgani va hatto uyini yoqib yuborishini aytgani qayd etilgan.

Ona buni real zo‘ravonlik tahdid deb o‘ziga qabul qilgan. Shuningdek, Karimov uning oilasini sharmanda qilish bilan ham tahdid qilgani bildirildi.

Karimovning advokati esa "tobut" haqidagi gaplar his-tuyg‘u ta’sirida aytilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Advokat shuniningdek, ayblanuvchi jabrlanuvchiga yaqin joyda aloqa bo‘lmagan holda uning hayotiga qanday qilib real xavf tug‘dirishi mumkinligini so‘radi.

"Agar men yashirinib, qochib yurgan bo‘lsam, u meni qayerdan topib o‘ldiradi? Agar men unga qarshi ariza yozmaganimda va yozuvlarni taqdim etmaganimda, nimalar bo‘lishini qayerdan bilar edingiz? Balki men allaqachon tirik bo‘lmasdim", - dedi.

Jabrlanuvchi yaqin masofada aloqaning bo‘lmaganini u o‘z uyidan qochib, Qibrayda yashirinib yurishga majbur bo‘lgani bilan izohladi. Shuningdek, u tergov ishga faqat materiallarning bir qismini qo‘shganini, o‘zi esa yanada aniq tahdidlar aks etgan qo‘shimcha yozuvlarni sudga taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Keyingi sud majlisi 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev

 

Teglar:

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 15

Барчаси

Мавзуга оид