Logo

Rossiya Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berdi

Бугун 12:282 дақиқа

«Telegram» asoschisi umrbodga qamalishi mumkin.

Rossiya Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berdi © Forbes

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) «Telegram» messenjeri asoschisi Pavel Durovga Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi («terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish») bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblov Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan «Telegram» platformasidagi ommabop «Dayvinchik» chatbotidan foydalanib, Rossiya fuqarolarini diversion va terrorchilik harakatlariga jalb etgani haqidagi jinoyat ishi doirasida qo‘yilgan. Rossiya maxsus xizmati «Telegram» ma’muriyati mazkur chatbot hamda shunga o‘xshash kanallarni o‘z vaqtida o‘chirmaganini iddao qilmoqda.

FXX'ga ko‘ra, 2025-yil iyul oyidan buyon Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 46 nafar Rossiya fuqarosi ushbu chatbot orqali yollanganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan. Idoraning iddaosicha, ular Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan transport va aloqa obyektlariga o‘t qo‘yish, huquq-tartibot idoralariga hujum qilish kabi harakatlarni amalga oshirgan.

Og‘ir jazo qo‘llanilishi mumkin

FXX ma’lum qilishicha, «Dayvinchik» chatboti 2025 yil dekabr oyida taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatgani uchun «Roskomnadzor»ning taqiqlangan internet resurslari reyestriga kiritilgan. Biroq maxsus xizmatlar «Telegram» ushbu resursni o‘z vaqtida bloklamaganini ta’kidlamoqda.

Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasiga ko‘ra, ayblov isbotlangan taqdirda Pavel Durovga 8 yildan 15 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Durov hozircha izoh bermagan

Xalqaro axborot agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, Pavel Durov va «Telegram» ma’muriyati hozircha Rossiya tomonidan qo‘yilgan ayblovlarga rasmiy munosabat bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil fevral oyida Durovga nisbatan JKning 205.1-moddasi 1.1-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi haqidagi xabarlar Rossiyaning hukumatparast nashrlarida e’lon qilingandi.

Durov esa bu ayblovlarga izoh berib: «Rossiya menga qarshi «terrorizmga ko‘maklashish» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Har kuni hukumat rossiyaliklarning «Telegram»dan foydalanishini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topmoqda, bu bilan shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligi huquqini bostirishga intilmoqda. O‘z xalqidan qo‘rqadigan davlatning ayanchli manzarasi», — degan edi o‘zining ingliz tilida yuritadigan kanalida.

Ayni paytda Pavel Durovga nisbatan «Telegram» sabab Fransiyada ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 2024 yilda u boshqa shaxslar messenjer orqali sodir etgan jinoyatlar, jumladan firibgarlik, pul yuvish, bolalar pornografiyasi va narkotiklar tarqatilishida sheriklikda, shuningdek, «Telegram» Fransiya politsiyasi so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirishda ayblangan edi.

Теглар

Мавзуга оид