Logo

Rossiyadan O‘zbekistonga avtobusda qaytayotgan yo‘lovchilar firibgarlardan ogohlantirildi

Бугун 13:191 дақиқа

Yo‘lovchilarga Uzautotrans service nomidan soxta chipta sotilmoqda. Firibgarlar chiptalarni bir necha baravar qimmatga taklif qilib, yo‘lovchilarni noqonuniy avtobus qatnovlariga yo‘naltirmoqda.

Rossiyadan O‘zbekistonga avtobusda qaytayotgan yo‘lovchilar firibgarlardan ogohlantirildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Transport vazirligi Rossiyadan O‘zbekistonga avtobusda qaytayotgan fuqarolarni chipta savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan ogohlantirdi.

Ma’lum qilinishicha, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlar va YouTube kanallarida Uzautotrans service avtobuslarining foto va videolaridan foydalanib, soxta e’lonlar joylashtirmoqda. Ular kassalarda chipta qolmaganini vaj qilib, yo‘lovchilarga chiptalarni asl narxidan bir necha baravar qimmatga sotmoqda.

Bunday chiptalarni xarid qilgan fuqarolar esa keyinchalik noqonuniy tashuvchilarning avtobuslariga chiqarib yuborilmoqda.

Vazirlik fuqarolarga rasmiy qatnov jadvali va chipta xarid qilish tartibiga amal qilishni tavsiya etdi.

Rasmiy qatnovlar qachon amalga oshiriladi?

Uzautotrans service Moskvadagi «Novoyasenevskaya» va «Kotelniki» avtostansiyalaridan Toshkent avtovokzaliga haftaning dushanba va payshanba kunlari avtobus qatnovlarini amalga oshiradi.

Chiptalarni faqat ko‘rsatilgan avtostansiyalar kassalaridan yoki ularning rasmiy saytlari va mobil ilovalari orqali onlayn xarid qilish mumkin.

Avtobus chiptalari qancha turadi?

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, muntazam qatnovlar uchun chipta narxi 8 500 rublni tashkil etadi. Shu kunning o‘zida tashkil etiladigan qo‘shimcha reyslar uchun esa narx 7 000 rubl etib belgilangan.

Transport vazirligi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e’lonlarga ishonmaslikka, chiptalarni norasmiy vositachilardan xarid qilmaslikka va faqat rasmiy savdo kanallaridan foydalanishga chaqirdi.

Теглар

Мавзуга оид