Logo

Rossiyaliklarning Putinga ishonchi urush boshlanganidan beri eng rekord darajada pasaydi

Aholining 60 foizi hududlarda iqtisodiy vaziyat yomonlashganini bildirgan.

Rossiyaliklarning Putinga ishonchi urush boshlanganidan beri eng rekord darajada pasaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan aholining ishonch darajasi bir hafta ichida 3,4 foiz punktga tushib, 73,3 foizni tashkil qildi. Bu urush boshlanganidan buyon kuzatilgan eng tezkor pasayish hisoblanadi. Bu haqda Umumrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM) so‘rovnomalari natijalariga tayanib, «Meduza» xabar berdi.

VSIOM tomonidan 22–28-iyun kunlari o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Putinning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullovchilar ulushi ham 3,5 foiz punktga kamayib, 66,9 foizni tashkil etgan.

Prezident faoliyatini ma’qullamaydiganlar soni esa 19,7 foizdan 21,3 foizga oshgan. Ma’lum qilinishicha, reytingning bu kabi keskin tushishi oxirgi marta 2024 yilning avgust oyida qayd etilgan bo‘lib, 2026 yildagi eng katta haftalik pasayish aprel oyida (1,8 foiz punkt) kuzatilgan edi.

Boshqa bir sotsiologik xizmat — FOM («Jamoatchilik fikri» fondi) ma’lumotlariga ko‘ra esa, respondentlarning 70 foizi Putinning ishini ijobiy baholagan (oldingi haftaga nisbatan 1 foiz punktga kam). Biroq FOM so‘rovnomasida ishonch darajasi 69 foizdan 71 foizga oshgani ko‘rsatilgan.

Rossiyalik sotsiologlar prezident reytinglarining pasayish trendini 2026 yil bahoridan, xususan, mamlakatdagi yonilg‘i inqirozi fonida qayd etishni boshlagan.


Iqtisodiy vaziyatdan pessimizm 20 yillik maksimumga yetdi. Amerikaning «Gallup» tadqiqot kompaniyasi 2026 yilning mart–may oylarida rossiyaliklar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, respondentlarning 60 foizi o‘z shahri yoki mintaqasidagi iqtisodiy vaziyat yomonlashayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, bu kompaniya tomonidan mazkur yo‘nalishda so‘rovnomalar o‘tkazila boshlagan 2006 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori (maksimal) salbiy ko‘rsatkichdir.

Теглар

Мавзуга оид