Saida Mirziyoyeva sudyalarga tabrik yo‘lladi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 25-iyul — Xalqaro sudyalar va sud tizimi xodimlari farovonligi kuni munosabati bilan sudyalarni tabriklab, ularning farovonligi adolatli sudlovning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
© Saida Mirziyoyeva Telegram kanaliPrezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 25-iyul — Xalqaro sudyalar va sud tizimi xodimlari farovonligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.
2025 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 25-iyul sanasini Xalqaro sudyalar va sud tizimi xodimlari farovonligi kuni deb e’lon qilgan. Shu munosabat bilan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sudyalar va sud tizimi xodimlariga bayram tabrigi yo‘lladi.
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, sud tizimi xodimlari har kuni insonlar dardi, fojiaviy taqdirlar va murakkab hayotiy vaziyatlarga duch keladi. Sudyalar esa inson taqdirini hal qiluvchi qarorlar qabul qilib, yuksak ma’naviy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
«Sud qarorlarining adolatli bo‘lishi odil sudlovga xizmat qilayotganlarning jismoniy, ruhiy va emotsional holatiga bevosita bog‘liqdir. Shu bois, adolatli, mustaqil va samarali odil sudlovning zarur shartlaridan biri sudyalar va sud tizimi xodimlari haqida g‘amxo‘rlik qilishdir», — dedi Mirziyoyeva.
Shuningdek, u Yangi O‘zbekistonda inson qadri va qonun ustuvorligi oliy qadriyat hisoblangan sud tizimini izchil barpo etish ishlari davom etayotganini ta’kidladi.
«Barcha sudyalar va sud tizimi xodimlariga mustahkam sog‘liq, iroda va qat’iyat, adolat prinsiplariga doimo sodiqlik va oqilona qarorlar hamroh bo‘lishini tilayman», — dedi Prezident administratsiyasi rahbari.





